14:52 / 30.12.2020
6654

Nikpek va yoshlar: nega qonunchilikda hanuz bo‘shliqlar bor?

Nikpeklar nimasi bilan jalb qiladi? Ular shirin ta'mni eslatadi, biroq ta'm beruvchi qo‘shimchalardan tashqari, ularda asosiy tarkibiy qism – nikotin mavjud. Mahsulot sigaret va veyplarga alternativ sifatida targ‘ib qilinadi. Lekni bir jihati bor – mahsulot tarkibida tamaki bo‘lmasa-da, u salomatlikka zarar yetkazishi mumkin. Ayniqsa, gap yoshlar haqida ketsa.

Nikpeklarda yoshga oid tasniflash bor, ya'ni ishlab chiqaruvchilar birinchi navbatda maqsadli bo‘lmagan auditoriyani ushbu mahsulotni iste'mol qilishdan saqlashga urinishadi. Rossiyada nikpekni iste'mol qilgandan keyin ahvolining yomonlashishi – ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi kabi o‘smirlar bilan ro‘y bergan holat ana shunday salbiy oqibatlardan biridir.

Xorijiy ekspertlar tarkibida tamaki bo‘lmagan mahsulotlarni bolalarga sotishga haqli ravishda e'tiroz bildirishyapti. Nikpeklarni iste'mol qilish oqibatida jismoniy va intellektual faollik pasaymoqda, yurak bilan bog‘liq muammolar kelib chiqishi mumkin. Bundan tashqari, gap yosh avlod haqida ketyapti, chunki bu davrda tana shakllanadi, har qanday tashqi salbiy ta'sir unga kattalarga qaraganda bir necha o‘n barobar kuchliroq ta'sir qilishi mumkin. Salomatlikka zarar yetkazishdan tashqari, mahsulotga o‘rganib qolish xavfi ham bor, ya'ni bu endi muammoning psixologik tomonidir, u bilan kurashish esa oson emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda nikpeklarning bolalar va o‘smirlarni birlashtiruvchi vosita sifatida ommalashib borayotgani kuzatildi. Masalan, internetdagi rus segmentida guruhlar ochib, u yerda nafaqat yetkazib beruvchilarning raqamlarini almashishadi, balki o‘zaro muloqot maydoni sifatida ham foydalanishadi. Bu bilan tamakisiz mahsulotlar, ehtimolki, ishlab chiqaruvchilar uchun ham kutilmagan ravishda auditoriyani birlashtirdi.

Xullas, bu yerda gap foyda olish maqsadida bunga qo‘l urgan tadbirkorlarga qarshi chiqish haqida emas, balki bolalar va o‘smirlarni tamakisiz mahsulotlarning zararli ta'siridan qanday himoya qilish haqida ketyapti. Ular nima deb yozishmasin, nikotin, ayniqsa, yuqori dozada, o‘sayotgan organizm uchun zarur bo‘lgan element emas.

Yaqinda prezident aholi, jumladan, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ta'minlash bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan farmonni imzoladi. Bu bir tomondan. Boshqa tomondan esa – bugun tamakisiz mahsulotlarni nafaqat tamakiga qaramlikdan qutulmoqchi bo‘lganlar, balki o‘smirlar ham sotib olishi mumkin. Yoshlar hali bu borada qonunchilik darajasida himoyalanmagan. Gap shundaki, mahsulotlar bozorda me'yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish darajasidagi o‘zgarishlarga qaraganda tezroq paydo bo‘ladi.

Masalan, prezidentning «Tamaki mahsulotlari bozorini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori bilan 2020 yilning 1 fevralidan boshlab tamakisiz nikotinli mahsulotlarga aksiz solig‘i belgilandi. Vazirlar mahkamasining 2019 yil 1 fevraldagi qarorida esa «snyus» boshqa mahsulotlar qatoriga kiritilgan, biroq «chekilmaydigan tamaki mahsuloti» sifatida. Nikpeklar tarkibida esa tamaki yo‘q.

Avvalroq ushbu dolzarb masala qonun loyihasi darajasida muhokama etilgani xabar qilingandi. Ya'ni savdolar qizg‘in davom etayotgan bir paytda, tamakisiz mahsulotlarni yoshlar orasida tarqatish tartibga solinmagani va bu borada davlat miqyosidagi qaror faqat «kuchaytirilayotgani» aytilgandi. O‘zbekistonda nikpeklarni yashirin tarqatish yo‘qligi quvonarli, biroq ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar uchun aniq belgilangan qoidalar bo‘lmasa, bu tendensiya qachongacha davom etadi?

Alkogolli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini tarqatish hamda iste'mol qilishni cheklash to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadigan hujjat loyihasida nikotin yostiqchalarini taqiqlash ham nazarda tutilgan. Demak, qonunchilik darajasida ushbu masala tartibga solinishi hamda nikpeklardan foydalanish va tarqatish qoidalariga aniqlik kiritilishi ehtimoli mavjud. Bugunga kelib nikotin paketchalari sanitariya-epidemiologiya xulosasi chiqariladigan tovarlar ro‘yxatiga kiritilmagan. Demak, ular ushbu hujjatni qabul qilishmaydi, garchi mahsulotlarning o‘zi bevosita yakuniy iste'molchi tomonidan iste'mol qilinayotgan bo‘lsa-da.

Ma'lumot uchun: Sanitar-epidemiologiya xulosasi mas'ul sanitar shifokor tomonidan tuziladi. Hujjat ekspertizadan o‘tgan mahsulotlarning inson salomatligi uchun xavfsizlik standartlariga muvofiqligini tasdiqlaydi. Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabrdagi qarori 21-bandida «tamaki va sanoat tamakisi o‘rnini bosuvchi mahsulotlar» qayd etilgan. Ammo nikpeklar ushbu tavsifga kiritilmagan. Chunki ularda tamaki mavjud emas, lekin ayni paytda ular tarkibida nikotin bo‘lgan mahsulotlarning analoglaridir.

Qonunchilikda nikpeklarga aniq ta'rifning yo‘qligi yetkazib beruvchilar uchun bo‘shliq yaratmoqda. Sanitariya-epidemiologiya xulosasini olish kabi birgina majburiy amaliyotning olib tashlanishi, ushbu mahsulotlarni yuboradigan va qabul qiladigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun foydali bo‘lishi mumkindir, biroq uni iste'mol qilayotganlar uchun foydali emasligi aniq. Axir, bu hujjat yakunda – tovarning xavfsizligini ta'minlovchi hujjat bo‘lib xizmat qiladi. Mahsulot to‘g‘ridan to‘g‘ri uni qabul qiladigan inson tanasiga ta'sir ko‘rsatadi. O‘z navbatida, uning ro‘yxatga kiritilishi – qandaydir sabablarga ko‘ra, qonunchilik vakillari e'tiboridan chetda qolib ketgan eng muhim banddir.

Top