11:44 / 01.01.2021
12106

Agar koronavirus bo‘lmaganida: pandemiya 2020 yildagi asosiy voqealarga qanday ta'sir qildi?

Tarixda 2020 yilning o‘xshashi yo‘q: o‘tgan yil mobaynida dunyoda 82 milliondan ortiq kishi koronavirus bilan zararlandi, milliardlab kishilar lokdaunda yashadi, pandemiya Yer yuzi aholisi 80 foizining yashash va ish tarziga ta'sir ko‘rsatdi.

Foto: Reuters

Tasavvur qiling, bu yil pandemiyasiz qanday bo‘lishi, odamlar o‘z yaqinlari bilan qancha vaqtni birga o‘tkazishi, istagan joyiga safar qilishi, ziyofatlar va to‘ylarga borishi mumkin edi…

Nima bo‘lganda ham, pandemiya har birimizning hayotimizda va jamiyatda aks etdi, milliardlab insonlar uchun yangicha reallik shakllantirdi.

Quyida agar pandemiya bo‘lmaganida butunlay boshqacha kechishi mumkin bo‘lgan yilning to‘rt asosiy voqeasi keltiriladi.

1. AQShdagi saylovlar

Foto: BBC/GETTY IMAGES

AQShda 2020 yilgi prezidentlik saylovlari butunlay boshqacha o‘tishi ham mumkin edi. Qizg‘in saylovoldi mitinglari va nomzodlarning mamlakat bo‘ylab safarlari o‘rniga tarixda ilk marta barcha ommaviy marosimlar bekor qilindi. Jo Bayden bo‘m-bo‘sh zalda Demokratik partiya nomzodi sifatida chiqish qildi. Prezident Trampda koronavirus aniqlangach, zudlik bilan shifoxonaga jo‘natildi.

Tahlilchilar Trampning mag‘lubiyatiga ko‘p sabablarni keltirishadi, ammo uning mag‘lubiyatining asosiy omili pandemiya davridagi harakatlari ekani haqida ularning fikri bir joydan chiqadi.

«Aniqki, pandemiya omili Trampga kuchli zarba berdi», deydi politologiya professori Alan Abramovits. U prezident nafaqat pandemiyani jilovlash bo‘yicha adekvat choralar ko‘rmaganini, shu bilan birga, niqob taqmasdan va ijtimoiy masofa saqlashga rioya etmasdan, fuqarolar uchun yomon namuna bo‘lganini ham qayd etadi. Bu ham ikkilanuvchi saylovchilar o‘z ovozlarini Baydenga berishlariga olib kelgan.

Abramovitsning so‘zlariga ko‘ra, taqdir hazili shundaki, odatda qiyin pallalarda xalq prezident tomonida turgan bo‘lardi.

«Agar Tramp pandemiyaga jiddiy va samarali yondashganida, u bu saylovlarda osonlik bilan g‘alabaga erishgan bo‘lardi», deya fikr bildirgan professor.

Tarixchi Allan Lixtmanning qayd etishicha, «13 kalit» tizimi (muhim ko‘rsatkichlar) unga 1984 yildan buyon AQShdagi prezidentlik saylovlaridagi bo‘lajak g‘olibni xatosiz ravishda topish imkonini berib keladi (u avgustdayoq Bayden g‘alabasini bashorat qilgandi), pandemiya esa iqtisodiy tanazzulga sabab bo‘ldi, bu esa hech qanaqasiga amaldagi prezident foydasiga ishlamasdi.

«Trampning mag‘lubiyati uning pandemiyaga reaksiyasi natijasi bo‘ldi. U boshqalarni pandemiyaga haddan tashqari ko‘p ahamiyat berishda aybladi va barcha jabhalarda yutqazdi», deb hisoblaydi professor Lixtman.

Demokratlar esa saylov kampaniyasini internetga ko‘chirishdi, bu Baydenning foydasiga xizmat qilishi mumkin edi.

Foto: GETTY IMAGES

«Baydenning nutqida kamchiliklar borligi va u omma oldidagi chiqishlarida qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishi azaldan ma'lum. Ammo pandemiya sharoitida u sahnaga chiqmadi, ikki nomzod o‘rtasidagi saylov o‘rniga, Trampga va unga qarshi ovoz berish guvohi bo‘ldik», deydi siyosiy tahlilchi Mayls Koulman.

U respublikachilar aholi orasida - internet yaxshi ishlamaydigan joylarda va uyma-uy yurib saylovchini o‘z tomoniga og‘dirish talab etiladigan hududlarda saylov kampaniyasini olib borishi Trampga ham qo‘shimcha ovozlarni berganini qayd etib o‘tgan.

O‘z navbatida, professor Lixtman aynan pandemiya tufayli so‘nggi yuz yillikdagi eng yuqori davomat kuzatilganini e'tirof etgan. «Pandemiya milliy ko‘lamda favqulodda holatni yuzaga keltirdi. Trampning tarafdorlari ham, Baydenning tarafdorlari ham bu ularning hayotidagi eng muhim saylov ekanini anglashdi», deydi professor.

2. Hongkongdagi namoyishlar

Foto: BBC/GETTY IMAGES

2019 yilda butun dunyo Hongkongdagi siyosiy inqiroz qanday rivoj topishini kuzatib borgandi. Ushbu yirik xalqaro moliya markazi bo‘lgan hududda deyarli har hafta demokratiya himoyasi uchun yirik namoyishlar bo‘lib o‘tgandi. Namoyishlar aksar hollarda politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketar, huquq-tartibot organlari xodimlari namoyishchilarga vodomyotlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlar qo‘llashar, ba'zida o‘q ovozlari eshitilib qolardi.

Pekin hukumati namoyishchilarni qoralab chiqdi, mahalliy aholi esa ularni qo‘llab-quvvatladi, saylovlarda demokratlarning nomzodlari katta farq bilan g‘alaba qozonishdi.

Ammo 2020 yil kirib kelib, Hongkong ko‘chalari bo‘shab qoldi, namoyishchilik harakatlari so‘na boshladi, demokratik kayfiyatdagi qonunchilarning bir qismi iste'fo berdi, bir qismi mamlakatni butunlay tark etdi.

Pandemiya Hongkongga yanvar oyidayoq kirib kelgandi va yil boshidayoq namoyishchilarning faolligi keskin pasaydi. Shu bilan birga, mamlakatda epidemiyaning birinchi va ikkinchi to‘lqini osonlik bilan yengib o‘tildi. Hukumat esa favqulodda vaziyat joriy etish orqali namoyishlar to‘lqiniga barham berishga erishdi.

Notr-Dam universitetining politologiya professori Viktoriya Xuey pandemiya Pekinga fuqarolar sog‘ligi haqida qayg‘urish bahonasida hukumatga qarshi namoyishlar olovini o‘chirishga imkon berganini qayd etadi. Qator faollar yirik miqdorlarda jarimaga tortildi, namoyishlar o‘tkazish ijtimoiy masofa saqlash haqidagi qonun bilan taqiqlandi.

Foto: GETTY IMAGES

Keyin esa milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun qabul qilinib, demokratiya himoyasi uchun harakatlar keskin cheklandi. Hukumat shunday qonun zarurligi haqida avvaldan gapirib kelardi, ammo vaqt tasodifan tanlanmagan.

«Pekin pandemiya sharoitida xalqaro hamjamiyat bu mavzu bilan shug‘ullanishga vaqt topa olmasligini juda to‘g‘ri hisoblagandi», dedi Viktoriya Xuey. Hongkongda bu qonun ta'siri juda tez sezildi: ko‘plab demokratik ruhdagi tashkilotlar tarqatib yuborildi, do‘konlar darhol namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlovchi shiorlar yozilgan plakatlarni yig‘ishtirib tashlashdi, faollar esa namoyishlarga chiqishga shunchaki qo‘rqib qolishdi.

Yana bir oy o‘tib, koronavirusning uchinchi to‘lqini vaqtida hukumat hududiy qonunchilik organlari uchun saylovlar infeksiya tarqalishi xavfi tufayli bir yil keyinga qoldirilgani haqida e'lon qildi, holbuki ko‘plab ekspertlar saylovlarni xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda o‘tkazish mumkinligini ta'kidlashgandi.

Noyabrda Hongkongdagi barcha demokratik kayfiyatdagi deputatlar norozilik ifodasi sifatida iste'fo berishdi, chaqiriq ilk marta birorta muxolifatchisiz qoldi.

3. Tigraydagi inqiroz, Efiopiya

Foto: BBC/GETTY IMAGES

Afrikadan tashqarida yashovchilar 2020 yilgacha Efiopiya shimolida joylashgan Tigray haqida eshitishmagandi.

Ammo noyabrda bu hududda Efiopiya hukumati kuchlari va Tigray ozodligi xalq fronti o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlandi va yuzlab kishilar qurbon bo‘lib, 40 mingdan ortiq mahalliy aholi vakillari qo‘shni Sudanga qochib o‘tishga majbur bo‘ldi.

Harbiy nizoga hukumat pandemiya tufayli umummilliy saylovlarni keyingi yilga qoldirgani sabab bo‘lgandi.

Foto: Reuters

2018 yilda Efiopiyaning yangi bosh vaziri Abiy Ahmad demokratik islohotlar boshlashni va'da qilgandi. Ko‘p yillar mobaynida siyosiy sahnaga chiqarilmagan muxolifatchi kuchlarda 2020 yil avgustiga belgilangan saylovlarda siyosiy kurashga kirishish imkoni paydo bo‘lgandi.

«Muxolifat kuchlar o‘rtasidagi siyosiy ixtilof jiddiy edi, ayrimlar saylovlar navbatdagi nizolarga sabab bo‘lishi mumkinligidan xavfsiragan bo‘lsa-da, ko‘pchilik saylovlar keskinlikni kamaytirishiga umid qilgandi», deydi Addis Standard bosh muharriri Tsedale Lemma.

Mart oyida mamlakatda pandemiya boshlangach, muxolifat avvaliga saylov komissiyasining saylovlarni kechiktirish to‘g‘risidagi qarorini ma'qulladi, ammo bu konstitutsion inqirozga olib keldi - amaldagi hukumat mandati sentyabr oyiga kelib tugashi kerak edi.

Hukumat muxolifat bilan murosaga kelishga intilmadi. Buning o‘rniga partiyalararo kengash hukumat vakolatlarini uzaytirish va saylovlarni pandemiya tugagunga qadar kechiktirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Hukumatdagi partiya nazoratidagi parlamentning yuqori palatasida ovoz berish jarayoni o‘tkazilishi esa hukumat muxolifat uchun qonuniyligini yo‘qotishiga olib keldi.

Shu tufayli, Abiy bilan ancha vaqtdan buyon ziddiyatda bo‘lgan Tigray ozodlik xalq fronti 9 sentyabr kuni hukumat qarorini inkor etgan holda o‘zboshimchalik bilan hududiy saylovlarni o‘tkazdi.

«Bu so‘nggi tomchi bo‘ldi - TOXF federal hukumat sifatidagi maqomini yo‘qotdi, hukumat ushbu tashkilotni tan olishdan bosh tortdi, urush bo‘lishi muqarrar bo‘lib qolgandi», deydi Tsedale.

Noyabr oyi oxirida efiopiyalik harbiylar Tigray poytaxtini egallashdi va g‘alaba haqida e'lon qilishdi, ammo hududda harbiy harakatlar hamon tingani yo‘q, BMT bu ziddiyat tinch aholi vakillari uchun haddan tashqari og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

4. Isroildagi siyosiy inqiroz

Foto: BBC/GETTY IMAGES

Aprelda siyosiy sharhlovchilar pandemiya Binyamin Netanyaxuning siyosiy faoliyatini qanday qilib saqlab qolgani haqida gapira boshlashgandi.

U o‘zining asosiy raqibi Benni Gans bilan birga koalitsion hukumat tuzib, faoliyatida beshinchi marta bosh vazir sifatida qasamyod qildi.

Unga qadar 16 oy ichida uch marta saylov o‘tkazilgan bo‘lsa-da, mamlakatda siyosiy xaos hukm surdi - birorta blok hukumatdagi koalitsiyani tuzish uchun yetarli bo‘lgan ovozni yig‘a olmadi. Ammo hali Netanyaxu o‘tish davri hukumatini boshqarib turgan mahalda pandemiya boshlanib qoldi.

Foto: Reuters

«Odamlar birdan favqulodda holat yuzaga kelganini anglashdi, Netanyaxu esa pandemiyaga qarshi kurashda tashabbusni qo‘lga olib, bunday vaziyatda mamlakatni boshqarishga qodir bo‘lgan yagona odam ekanini aytdi. Pandemiya Netanyaxu uchun siyosiy nuqtayi nazardan eng kerakli vaqtda ro‘y berdi, bu orqali u Gansga bosim o‘tkazib, uni o‘zi bilan birlashishga majbur qildi», deya izohlaydi Haaretz gazetasi tahlilchisi Anshel Pfeffer.

Hech qachon Netanyaxu bor bo‘lgan hukumatga kirmaslikka so‘z bergan Gans esa o‘z fikrini o‘zgartirganini «noodatiy vaqtlar kelgani» bilan izohladi.

Milliy birlik hukumatida Gans va Netanyaxu bosh vazirlikni rotatsiya asosida navbatma-navbat bajarishadi, Netanyaxu esa uning navbati birinchi bo‘lishini talab qildi.

Globes nashri vakili Tal Shnayderning fikricha, Netanyaxu o‘ziga qarshi jinoiy ishlar fonida manevrlar qilish uchun vaqtdan yutdi, bu vaqtda Gans unga siyosiy tahdid sola olmadi, u Netanyaxu hukumatiga kirib, o‘z tarafdorlari ko‘z o‘ngida xoinga chiqdi.

Milliy birlik hukumati esa dekabr oyiga kelib davlat budjetini tasdiqlash bo‘yicha bahslardan keyin tarqalib ketdi.

Endi martda saylovchilar yana saylov uchastkalariga borishi kerak, bu ikki yil ichidagi to‘rtinchi saylov bo‘ladi, Netanyaxu esa mutlaq g‘olib bo‘lishni va'da qilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top