10:13 / 02.01.2021
29695

O‘zbekistonda yangi yilning birinchi sutkasida qancha chaqaloq tug‘ilgani ma'lum bo‘ldi

2021 yilning 1 yanvar kuni soat 18:00 holatiga ko‘ra, mamlakatda 1086 nafar chaqaloq tug‘ilgan edi. 

Yangi yilning birinchi sutkasida 1644 nafar chaqaloq dunyoga keldi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi. 

Qayd etilishicha, bu so‘nggi 4 yildagi eng kam ko‘rsatkich hisoblanadi. 2018 yilning xuddi shu kuni 1961 nafar, 2019 yilda — 1708 nafar, 2020 yilda esa —1974 nafar chaqaloq tug‘ilgan. 

2021 yilning 1 yanvar kuni tug‘ilgan chaqaloqlarning 810 nafari qiz, 834 nafari esa o‘g‘il bola bo‘lib, eng ko‘p bola Farg‘ona viloyatida (202 nafar), ikkinchi o‘rinda Qashqadaryo viloyati (196 nafar), uchinchi o‘rinda Samarqand va Namangan viloyatlarida (169 nafardan), to‘rtinchi o‘rinda Jizzax viloyatida (151 nafar chaqaloq) tug‘ildi. 

Shuningdek, shu kuni tug‘ilish ko‘rsatkichi bo‘yicha 5-o‘rinda Toshkent shahri (139 nafar), 6-o‘rinda Toshkent viloyati (126 nafar), 7-o‘rinda Surxondaryo viloyati (95 nafar), 8-o‘rinda Andijon va Buxoro viloyatlari (79 nafardan), 9-o‘rinda Xorazm viloyati (71 nafar), 10-o‘rinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (66 nafar), 11-o‘rinda Sirdaryo va Navoiy viloyatlari (51 nafardan) qayd etildi. 

Dunyoga kelgan bolalarning 9 nafarini egizaklar (jami 18 nafar chaqaloq) tashkil qiladi. 

Respublikada davom etayotgan dam olish kunlari mavjud 219 ta tug‘ruq muassasasida har kuni navbatchilik asosida 4141 nafar tibbiyot xodimi, jumladan 583 nafar akusher-ginekolog, 344 nafar neonatolog, 1172 nafar doya, 2042 nafar hamshira faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Top