14:47 / 03.01.2021
18076

«Teslanerlar» – yangi millionerlar: Tesla'ning muvaffaqiyat hikoyasi endi boshlanyaptimi?

Janubiy afrikalik tadbirkor Ilon Maskka tegishli Tesla kompaniyasining fond bozoridagi yuksalishi o‘zini «teslaner» deb ataydigan yangi millionerlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.  

Foto: Getty Images

Tesla aksiyalari 2020 yilda 700 foizdan oshdi.

Endilikda u Ford va Volkswagen kabi gigantlarni ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat avtomobilsozlik kompaniyasiga aylandi. Biroq Tesla aksiyalariga sarmoya kiritganlar bu kunlarga osonlikcha yetib kelishgani yo‘q.

Taxminan 10 yil oldin Tesla naqd pul tanqisligiga duch keladi. Shu sababli kompaniyaning uzoq muddatli sarmoyadorlari o‘z investitsiyalari «erishi»ni kuzatishga majbur bo‘lishadi. O‘shanda sabr qilganlar va Tesla aksiyalarini sotib yubormaganlarning esa bugun «oshig‘i olchi».

Tesla uchun eng muhim burilish nuqtalaridan biri 2020 yilning so‘nggi oyida sodir bo‘ldi. Kompaniya Nyu-York fond birjasidagi eng yirik kompaniyalarni o‘z ichiga oluvchi S&P 500 indeksiga kiritildi.

Ushbu voqeadan so‘ng Tesla aksiyalarida tezkor o‘sish tendensiyasi kuzatildi.

Tesla ayni paytda Facebook, Microsoft va Apple kabi kompaniyalarni o‘z ichiga oluvchi S&P 500  indeksidagi eng qimmat kompaniyalardan biridir.

Tesla’ning bozordagi qiymati General Motors, Ford, Fiat Chrysler va Toyota avtomobilsozlik gigantlarining umumiy bozor narxidan ham baland.

Holbuki, Tesla raqobatchilaridan ancha kam avtomobil ishlab chiqarmoqda.

GraniteShares investitsiya firmasining bosh ijrochi direktori Uill Rind Tesla kompaniyasining aksiyasi dunyoni qutblashtiradigan aksiya ekanligini ta'kidladi. «Ixlosmandlar soni ancha ko‘p va ularning aksariyati Tesla avtomobillariga ega. Qarama-qarshi tomonda esa moliya doiralari mavjud. Ular qimmatli qog‘ozlar haddan tashqari ko‘tarilib ketdi, degan fikrda», deydi u.

Uill Rindning aytishicha, Tesla aksiyalariga avvalboshda sarmoya kiritganlar bugun juda katta daromadga ega va ularning asosiy qismi millionerga aylangan.

Avtomobil savdosi ortishi Tesla aksiyalarining oshishiga turtki bo‘ldi.

Ayniqsa, Xitoydan kelgan kuchli talab Tesla’ning savdo ko‘rsatkichlarini yanada mustahkamladi. Yonilg‘i sarf qiluvchi transport vositalaridan elektr transport vositalariga o‘tishdagi global tendensiyasining tezkor sur'ati mazkur sohada faoliyat ko‘rsatayotgan Tesla kabi kompaniyalarga foydali bo‘ldi.

Ko‘plab sarmoyadorlar Tesla’ning haydovchisiz transport vositalari va akkumulyator texnologiyasiga oid loyihalarini kelajakda kompaniya qiymatini yanada oshiruvchi innovatsiyalar deb bilishmoqda.

Bu bozordagi «ko‘pik»mi?

Tesla 2010 yil iyun oyida ommaga taqdim qilingan va fond bozorida har bir aksiya uchun 17 dollardan savdo qilishni boshlagandi.

Bugungi kunda Tesla aksiyalari Nyu-York fond birjasida 650 dollardan sotilmoqda.

Tesla’ning 2020 yildagi yuksalishini yanada hayratlanarli qilgan omil ushbu muvaffaqiyatning koronavirus pandemiyasi davrida sodir bo‘lganidir.  

Ammo Tesla kompaniyasining ishiga shubha bilan qaraydiganlar ham yo‘q emas. Ular aksiyalar haddan tashqari qimmatlashdi, degan fikrda.

«Tesla aksiyalari nafaqat biz uchun, balki barcha kompaniyalarni baholash parametrlari nuqtayi nazaridan ham ancha qimmat, hatto haddan tashqari qimmat», deb yozdi AQShning JP Morgan investitsiya banki tahlilchilari 2020 yil dekabr oyini baholash hisobotida.

Biroq Tesla’ga shunchaki avtomobilsozlik kompaniyasi deb qarash kerak emas, deb o‘ylaydiganlar ham bor.

«Agar kompaniyaning akkumulyator texnologiyasi muvaffaqiyatli bo‘lsa, u yangi daromad eshiklarini ochadi», deydi OANDA’ning bozor bo‘yicha tahlilchisi Edvard Moya.

«Yonilg‘idan elektr energiyasiga o‘tish jarayonida Tesla’ning qanday rol o‘ynashi mumkinligi haqida bir o‘ylab ko‘ring. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, investorlar «ertangi kun texnologiyasining qiymatini qanday baholash kerak?» degan savolni berishlari lozim», deydi GraniteShares investitsiya firmasining bosh ijrochi direktori Uill Rind.

Jyeyson DeBolt Teslaning 10 million dollarlik aksiyalariga egalik qiladi

Teslanerlar

Tesla’ga ishonadigan va uning aksiyalariga sarmoya kiritadigan katta auditoriya mavjud. O‘zini «teslaner» deb atovchi ushbu investorlar kompaniya aksiyalarining o‘sishda davom etishiga, shuningdek, Ilon Maskning innovatsion kompaniyasi ko‘plab sohalarda yangi standartlar o‘rnatishiga ishonishadi.

AQShning Los-Anjyeles shahrida yashovchi muhandis Jyeyson DeBolt taxminan yetti yil oldin 19 ming dollarga 2500ta Tesla aksiyalarini sotib olgan.

«Tesla 2013 yilda Model S’ni sotib olgach, kompaniyaga sarmoya kiritishga qaror qildim», deydi u.

DeBolt o‘shandan beri Tesla aksiyalariga muntazam ravishda sarmoya kiritib kelmoqda. Bugungi kunda uning 15 ming dona aksiyasi mavjud va ushbu aksiyalarning umumiy bozor qiymati 10 million dollarni tashkil etadi.

«Ommaviy axborot vositalarida Ilon Mask va Tesla’ga uyushtirilgan hujumlarni ko‘rish juda og‘ir edi. Aksiya narxlari pasayishiga guvoh bo‘lish esa yanada og‘riqli edi. Men aksiyalar bir muncha vaqtdan so‘ng yana ko‘tarilishini bilardim», deydi qimmatli qog‘ozlar o‘zgaruvchanligini 2013 yildan kuzatib kelayotgan DeBolt. 

DeBolt – Tesla aksiyadorlar klubining a'zosi. U tez-tez o‘zining Facebook guruhi orqali boshqa «tesladerlar» bilan suhbatlashib turadi.

Skott Tisdeyl 2013 yildan beri Tesla aksiyalarini muntazam ravishda sotib oladi

Nyu-Yorkda yashovchi Skott Tisdeyl ham 2013 yilda Model S’ni ko‘rgach, kompaniyaga sarmoya kiritishga qaror qilgan. Hozirda u Tesla’ning 4000 dona aksiyasiga ega va ushbu aksiyalarning bozor qiymati 2,8 million dollarni tashkil etadi.

Tisdeyl Tesla aksiyalariga sarmoya kiritishda davom etishini ta'kidladi.

«Menimcha, bu kompaniyaning hikoyasi endi boshlanmoqda. Biz bir necha yillardan buyon aksiyalarning qimmatlashib ketganligi haqidagi gap-so‘zlarni eshitib kelyapmiz. Ammo Tesla’ning aksiyalari yillar davomida o‘sib bormoqda», deydi u.

Kompaniyaning istiqboli

Bozor mutaxassislari ancha ehtiyotkor bo‘lishadi. Ular aksiyalarning 700 foizga ko‘tarilishini imkonsiz, deb o‘ylashmoqda.

Apple kabi raqobatchilarning elektromobillar bozoriga kirish uchun qadam qo‘ya boshlashi ortidan «Tesla’ni ayovsiz raqobat kutmoqda», degan fikrlar yangramoqda.

«Tesla raqobatchilarining cho‘ntagi juda chuqur va ular o‘zini qo‘rqmay qaltis xavf-xatar ostiga qo‘yish imkoniga ham ega», deydi OANDA’ning bozor bo‘yicha tahlilchisi Edvard Moya.

Investitsiya bo‘yicha mutaxassislarning muhim tavsiyasi shuki, jamg‘armalarni bitta ulushga sarflagandan ko‘ra, investitsiya portfelini turli xil aksiyalar yoki investitsiya aktivlari bilan «rang-baranglashtirish» kerak va shu orqali xavfni «tarqatib» yuborish lozim.

Mavzuga oid
Top