16:21 / 04.01.2021
26831

24 yil ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan qor ko‘chkilarida necha kishi halok bo‘lgani aytildi

O‘zbekistonda 1996-2020 yillarda qor ko‘chkisi bilan bog‘liq 14 ta favqulodda vaziyat yuzaga kelib, ularda 52 nafar inson halok bo‘lgan hamda 29 nafar fuqaro jabrlangan.

Illyustrativ foto

Bugun, 4 yanvar kuni, AOKAda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan «Tog‘ hududlarida qor ko‘chishi xavfi, bu jarayonda favqulodda holatlarning oldini olish» mavzusida brifing o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonning 20 foizga yaqin hududi tog‘li hududlardan tashkil topgan bo‘lib, qor ko‘chkilari Jizzax viloyatining Zomin, Forish, Samarqand viloyatining Bulung‘ur, Toyloq, Urgut, Surxondaryo viloyatining Boysun, Sariosiyo, Oltinsoy, Qashqadaryo viloyatining Kitob, Dehqonobod, Yakkabog‘, Namangan viloyatining Pop, Chust, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlarining tog‘li hududlarida sodir bo‘lish ehtimoli yuqoridir.

Ushbu viloyatlar ichida Toshkent va Namangan viloyatlarida sodir bo‘ladigan qor ko‘chkilari asosan aholi harakatlanadigan joylarga to‘g‘ri keladi.

«Ushbu hududlar Toshkent viloyatining Chimyon, Beldirsoy hamda Toshkent, Namangan viloyatlari oralig‘idagi «Qamchiq» dovonidir.

Ma'lumotlarga ko‘ra, qor ko‘chkisi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar aynan mana shu ikkala viloyatda ko‘p qayd etilgan. 2020 yilning o‘zida mazkur hududlarda 30 ga yaqin qor ko‘chkisi yuzaga kelgan. Afsuski, 1996-2020 yillarda qor ko‘chkisi bilan bog‘liq 14 ta favqulodda vaziyat yuzaga kelib, ularda 52 nafar inson halok bo‘lgan. 29 nafar fuqaro jabrlangan.

Qor ko‘chkisining yuzaga kelishiga asosiy sabab tog‘ yonbag‘irlariga ko‘p miqdorda qor yog‘ishi, qor qoplami qatlamining buzilishi, qordan so‘ng yomg‘ir yog‘ishi, kunning keskin isishi, yer tebranishi va kuchli ovoz tufayli havodagi tebranishlardir», – deydi FVV matbuot xizmati rahbarining o‘rinbosari Samandar Hikmatullayev.

Ma'lum qilinishicha, qor ko‘chkisi gidrometeorologik xavfli hodisa bo‘lib, boshqa favqulodda vaziyatlar orasida uni oldindan bashoratlash imkoni mavjud. Bunda aholini yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qor ko‘chkilaridan tezkor ravishda ogohlantirish tadbirlari Gidrometeorologiya xizmati markazi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, shuningdek, mobil operator tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etiladi. Bunga mavsumiy xarakterga ega bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan turli SMS xabarlar misol qilib keltirildi.

«2020 yilning 1 yanvaridan 31 dekabr kuniga qadar jami 170 ga yaqin SMS xabar yuborildi. Shuningdek, vazirlik qor ko‘chkisi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarga tushib qolmaslik uchun aholidan qor ko‘chkisi xavfi e'lon qilingan kunlari tog‘li hududlarga chiqmasliklarini so‘raydi», – deya qo‘shimcha qildi FVV xodimi.

Top