16:41 / 06.01.2021
69668

O‘zbekistonda g‘ayrioddiy ob-havo hodisasi kuzatilyapti - «O‘zgidromet»

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston aholisi g‘ayrioddiy hodisani kuzatyapti - qor donalari xuddi tumandan tushgandek yog‘moqda.

Foto: KUN.UZ

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, bu hodisa O‘zbekistonda nihoyatda kam uchraydi, ko‘pincha u qishi barqaror sovuq hududlarda kuzatiladi.

«Ushbu hodisaning vujudga kelish sababi shundaki, u sovuq Sibir antitsiklonining ta'siridan kelib chiqadi. Odatda, bunday sinoptik vaziyatda yog‘ingarchilik kuzatilmaydi.

Shu bilan birga, yer yuzasidagi havo qatlamlarining tungi kuchli sovishi tufayli pastki havo qatlamlari yuqori qatlamlardan sovuqroq bo‘lganda, haroratni teskari o‘zgarishi sodir bo‘ladi. 

Natijada, konveksiyaning oldini oladigan «blokirovka qiluvchi» qatlam paydo bo‘ladi, u konveksiya hodisasiga to‘sqinlik qiladi. Bunday holatda, jadal ravishda ishlaydigan qozonlarning quvvatlari orqali havoga ko‘p miqdorda tashlanadigan iliq bug‘ xuddi shu qatlamga «urilib» tushgandek quyuqlashadi va qor donalari shaklida yog‘adi», - deyiladi ma'lumotda.

Ta'kidlanishicha, ushbu hodisani o‘rgangan ba'zi tadqiqotchilar buni «texnogen qor» deb ataydi. Biroq, bu to‘g‘ri emas. Shunga qaramay, bu antropogen omil ta'sirida o‘zgartirilgan tabiiy hodisa ekani aytilgan.

 

Top