18:50 / 06.01.2021
3356

Tanzila Norboyeva Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish masalasi avvalgi yalpi majlisda ko‘rib chiqilmaganiga izoh berdi

Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun haqida fikrlarini bildirib, aslida mazkur masala o‘ninchi yalpi majlis kun tartibiga kiritilgani, biroq masala o‘ta jiddiy bo‘lgani bois qonunni shoshma-shosharlikka berilmasdan atroflicha o‘rganishga qaror qilinganini ta'kidladi.

«Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish masalasi juda dolzarb. Ushbu masalani 10-yalpi majlisda ko‘rib chiqish fikri ham yo‘q emas edi, u kun tartibimizda bor edi. Lekin masala o‘ta jiddiy bo‘lgani bois, uni atroflicha o‘rganishga, ya'ni shoshma-shosharlikka berilmasdan ko‘rib chiqishga, ayniqsa, sud tizimidagi o‘zgarishlar fuqarolarning haq-huquqlarini ishonchli himoya qilish, jamiyatda adolat ustuvorligini ta'minlash masalalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador bo‘lgani bois, hududlar manfaatlari nuqtayi nazaridan chuqur tahlil etishga qaror qildik.

Qonun matni OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilinib, jamoatchilik fikri o‘rganildi. Shu bilan birga, mas'ul qo‘mita, ya'ni Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan mahalliy kengashlar bilan birga o‘rganishlar, tahlillar, maslahatlashuvlar olib borilib, tegishli xulosalar tayyorlandi. Mahalliy kengashlar bilan maslahatlashuv degani – xalq bilan maslahatlashuv degani, chunki ular xalq vakillari.

Senatorlarimizning chiqishlaridan ham ma'lum bo‘ldiki, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun – sud tizimini isloh qilish yo‘lidagi navbatdagi muhim hujjatdir. Faqatgina uning mazmun-mohiyatini, nazarda tutilgan o‘zgarishlarning afzalliklarini xalqimizga o‘z vaqtida va to‘g‘ri tushuntirishimiz kerak bo‘ladi.

Buning uchun nafaqat mas'ul qo‘mita, balki har bir senator, mahalliy kengashlar deputatlari, safimizga qo‘shilgan Yoshlar parlamenti a'zolari mas'ul bo‘lishi lozim. Bunda OAV, jumladan internet nashrlari, blogerlar bilan yaqin hamkorlik qilish maqsadga muvofiq», deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar senatorlar tomonidan bugun – 6 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda ma'qullandi. Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgarishlar sudlar faoliyatiga oid bo‘lib, 14ta hududda umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi, tuman (shahar) ma'muriy sudlari tugatiladi.

Ma'lumot uchun, 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga shu paytgacha 14 marta o‘zgartish kiritilgan. So‘ngi o‘zgarish mamlakat Bosh qonuniga kiritilgan 15-o‘zgartish hisoblanadi. 

Top