08:14 / 07.01.2021
7390

Amerikalik siyosatchilar Vashingtondagi tartibsizliklar uchun Trampni qoralashdi

Foto: Reuters

AQShning sobiq prezidenti Barak Obama amaldagi prezident Donald Trampni Vashingtonda noroziliklar avj oldirishda aybladi. Obama Kapitoliyning Tramp tarafdorlari tomonidan ishg‘ol qilinishini amerikaliklar uchun “buyuk sharmandalik oni” deb atadi.   
        
“Tarix qonuniy saylovlar natijalari haqida asossiz yolg‘on gapirishni davom ettirayotgan amaldagi prezident tomonidan keltirib chiqarilgan Kapitoliydagi bugungi zo‘ravonlikni millatimiz uchun buyuk sharmandalik oni sifatida eslab qoladi. Biroq biz bunga kutilmagan hodisadek qaraganimizda, o‘zimizni aldagan bo‘lardik”, deb aytilgan Obamaning Facebook’dagi postida. 

Bundan avvalroq AQShning yana bir sobiq prezidenti Kichik Jorj Bush Kapitoliyning ishg‘ol qilinishini “banan respublikasi”da saylovlar natijalari bo‘yicha bahslashishga qiyoslagan. Bush aniq ismlarni keltirmay, “ba'zi siyosiy yetakchilarning aqlsizligidan” hayratda ekanini qo‘shimcha qilgan.

Bu orada Illinoys shtati gubernatori Jyey Robert Pritsker Tramp xavf solishini va uni darhol lavozimidan chetlatish kerakligini aytgan. Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo esa Trampga, kongress a'zolariga va “jinoiy to‘da”ga demokratiyani o‘g‘irlashga yo‘l qo‘ymasligini aytgan. Senator Mitt Romni esa Vashingtondagi hodisalarni “AQSh prezidenti tomonidan keltirib chiqarilgan qo‘zg‘olon” deb atagan.   

Avvalroq Tramp tarafdorlari Kapitoliy binosiga bostirib kirib, u yerda prezident saylovlari natijalarini tasdiqlash bo‘yicha o‘tayotgan yig‘ilishning bo‘linishiga olib kelishgan.   

Mavzuga oid
Top