16:11 / 07.01.2021
38772

Prezidentning so‘nggi imkoni. Kapitoliyda nimalar bo‘ldi?

Kapitoliy Donald Tramp tarafdorlari tomonidan qamal qilinishi Jo Baydenning g‘alabasi Kongressda tasdiqlanishiga xalal bera olmadi va Respublikachilar partiyasi yetakchilari, AQShdagi yirik biznes egalari va hatto Oq uy ma'muriyati vakillarida ham prezidentni vakolati muddati tugashidan oldinroq hokimiyatdan chetlatish haqida o‘ylay boshlashga majbur qildi.

Leah Millis / Reuters / Scanpix / LETA

Trampning tarafdorlari hafta boshidayoq «Amerikani qutqarish marshi» nomi ostidagi norozilik namoyishlarini boshlashgandi.

Seshanba kuni kechqurunga kelib Amerika poytaxtidagi mehmonxonalarda bo‘sh joylar qolmagan, chorshanba kuni tongida esa Milliy xiyobon - Vashington markazidagi jamoat xiyoboni - Tramp saylovoldi kampaniyasining bayroqlarini ko‘tarib, Jo Baydenning saylovlardagi g‘alabasini bekor qilishni talab qilayotgan mingab kishilar bilan to‘lib-toshgandi.

«Demokratlar g‘alabani bizdan o‘g‘irlashdi, ammo biz Donald Trampni qo‘llab-quvvatlaymiz va hech qachon saylov natijalarini tan olmaymiz», degan Shimoliy Dakota shtatidan poytaxtga kelgan respublikachilar tarafdorlaridan biri Driskoll Higgins BBC Russian muxbiri bilan suhbatda.

Senat va Vakillar palatasi a'zolarining qo‘shma majlisi boshlanishiga ikki soat vaqt qolganida (unda Jo Baydenning g‘alabasi rasman tan olinishi kerak edi), Tramp o‘z tarafdorlari qarshisida chiqish qilib, ularni Kapitoliyga kirish va u yerda prezidentlik saylovlari natijalarini inkor qilishni rejalashtirgan respublikachi senatorlar va kongressmenlarni qo‘llashga chaqirdi.

Jacquelyn Martin / AP / Scanpix / LETA

«Biz Kapitoliyga boramiz. Biz jasur senatorlarimizni, Kongress a'zolarini qo‘llab-quvvatlaymiz... Agar kuchsiz bo‘lsangiz, mamlakatimizni o‘zimizga qaytara olmaymiz, siz kuchingizni namoyish etishingiz va yanada kuchliroq bo‘lishingiz kerak», degan AQSh prezidenti.

O‘z nutqi yakunida prezident senat binosiga namoyishchilar bilan birga borishni va'da qilgan.

«Biz Pensilvaniya-avenyu bo‘ylab o‘tamiz!», degan Tramp.

Buning o‘rniga u qora rangdagi zirhli avtomashinasiga o‘tirib, o‘z qarorgohiga qaytib ketgan.

Bu mitingdan bir soat o‘tib Kapitoliy atrofiga qo‘yilgan politsiyachilar to‘sig‘i olomon tomonidan buzib o‘tildi va Trampning yuzlab tarafdorlari binoga bostirib kirishdi.

Kapitoliy qanday ishg‘ol etildi?
Namoyishchilarning ilk guruhi Kapitoliy tepaligidagi senat binosiga oddiy sayyohlar sifatida kirib olishgan. Palatalarning qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan binoga o‘tish uchun alohida ruxsatnomani ko‘rsatish shart bo‘lmagan: oddiy metallodetektordan o‘tish kifoya edi, bunda politsiyachilarga o‘z tashrifidan maqsadni bildirish talab etilmasdi.

Foto: Getty Images

Ammo yarim soat o‘tib namoyishchilarning katta guruhlari haqiqiy qamalni boshlashdi.

Foto: AP/TASS

Shu kunlarda Vashington meriyasi Pentagondan poytaxtga Milliy gvardiyaning qo‘shimcha bo‘linmalarini yuborishni so‘ragandi, ammo bu so‘rov javobsiz qoldirilgan.

Chorshanba kuni kunduzi ijtimoiy tarmoqlarda Kapitoliyni qo‘riqlayotgan politsiyachilar to‘siqlarni o‘zlari olib tashlab, namoyishchilar qarshiliksiz ichkariga o‘tishini ta'minlayotgani aks etgan videolavhalar tarqaldi.

Mahalliy vaqt bilan soat 14:30da Kapitoliydagilarning barchasini evakuatsiya qilish jarayoni boshlandi.

Vitse-prezident Maykl Pens, Kongress spikeri Nensi Pelosi va senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnell majlislar zalidan AQSh maxfiy xizmati xodimlari tomonidan olib chiqilgan.

Foto: AP/TASS

Politsiyachilar qolgan qonunchilarga o‘z ofislariga qamalib olishni tavsiya etishgan. Ularning ayrimlari majlislar zalidagi stullar ostiga yashirinishgan.

Namoyishchilar senat binosiga bostirib kirib, yo‘llarida uchragan oynalar va mebellarni sindira boshlashgan.

Namoyishchilardan biri majlislar zalida bir necha daqiqa oldin AQSh vitse-prezidenti o‘tirgan kresloni egallagan.

Tramp tarafdorlarining bir guruhi Kongress spikeri ofisiga kirib, uning ish stolida «Biz ortga chekinmaymiz» yozuvini qoldirishgan.

Ko‘p o‘tmay binoda o‘q ovozlari eshitila boshlagan. Keyinroq politsiya namoyishlarda qatnashish uchun Kaliforniyadan kelgan, sobiq harbiy xizmatchi ayol o‘qotar quroldan olingan jarohat tufayli halok bo‘lganini tasdiqladi. Huquq-tartibot organlari xodimlari nima uchun unga o‘q otishga majbur bo‘lgani sababi hozircha ma'lum qilinmadi.

Andrew Harnik/Associated Press

Keyinroq Kapitoliy hududida yana uch kishining jasadi topildi - bir ayol va ikki erkak. Xabarlarga ko‘ra, ular  Kapitoliy devoriga chiqishga uringan vaqti 10 metr balandlikdan tushib ketgan va tezda yordam ko‘rsatilmagani tufayli jon berishgan.

Namoyishlar vaqtida politsiyachilardan 14 nafari jarohat olgan. Ulardan ikki nafari shifoxonaga yotqizilgan - ulardan birining ahvoli og‘ir, u olomon oyog‘i ostida qolib ketgan, ikkinchisi yuzidan jarohatlangan.

Politsiyachilar namoyishchilarga qarshi shovqinli granatalar va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazlar qo‘llashgan, ularni senat binosining yuqori qavatlaridan surib chiqarishga urinishgan.

Kapitoliy tepaligi hududida ikkita qo‘lbola bomba topilgan. Ulardan biri Respublikachilar partiyasi shtab-kvartirasi yaqiniga o‘rnatilgan bo‘lgan.

Tramp tarafdorlari Kapitoliyni ishg‘ol qilganidan ikki soat o‘tibgina voqea joyiga Milliy gvardiyaning ilk otryadlari yetib kela boshlagan.

Ular FQBning maxsus bo‘linmalari bilan hamkorlikda binoni tozalashga kirishgan.

Anna Moneymaker / The New York Times

Biroz oldinroq hammayoqni ostin-ustin qilib, mebellarni sindirgan va Senat binosi devorlariga «OAVga o‘lim!» qabilidagi shiorlarni yozgan namoyishchilar binoni xotirjamlik bilan tark eta boshlashgan.

Foto: EPA/Vostock-photo

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, shu vaqtgacha 50ga yaqin namoyishchi hibsga olingan.

Kapitoliyga hujum qilinishiga qanday reaksiya bildirildi?
Demokratlar va respublikachilarning ko‘pchiligi bo‘lib o‘tgan voqealarda shaxsan prezident Trampni ayblashdi va tartibsizliklarni davlat to‘ntarishiga urinish sifatida baholashdi.

«Bu prezident hammayoqqa xaos urug‘ini sochishining to‘g‘ridan to‘g‘ri oqibatidir», deydi respublikachi senator Ben Sassi.

«Bu sodir bo‘lgan voqealar isyondir, uni Qo‘shma Shtatlar prezidenti tashkillashtirdi», deya qayd etdi respublikachi senator Mitt Romni.

«Menda bu olomonni prezident uyushtirgani, ilhomlantirgani, va... olovni aynan u yoqqaniga hech qanday shubha yo‘q», deb hisoblaydi respublikachi kongresvumen Liz Cheyni.

Kapitoliy tepaligidagi voqealardan keyin Oq uy biror izoh berishdan qat'iy bosh tortdi. Kongressning ikki palatasi ham evakuatsiya qilinganidan keyin Donald Tramp tvitterida shunday yozdi: «Men hozirda Kapitoliyda bo‘lib turganlarga murojaat qilaman va ularni tinchlikni saqlashga chaqiraman».

Ko‘p o‘tmay u tvitterda videomurojaat bilan chiqdi va namoyishchilarni tarqalishga chaqirdi, ularni alohida shaxslar deb hisoblashi va ularning barchasini sevishini qo‘shimcha qildi.

Shu bilan birga, prezident «saylovlar o‘g‘irlangani», uning natijalari «firibgarlik» ekanini yana bir bor ta'kidlagan. 

Faqat soat 17:30da, Kapitoliy atrofidagi to‘siqlar oldida dastlabki to‘qnashuvlar boshlanganidan uch soat o‘tib senat binosi ma'muriyati namoyishchilar hududni butunlay tark etganini e'lon qildi. Yana yarim soat o‘tib senatorlar majlislar zaliga qaytishdi va saylov natijalarini sertifikatsiyalash jarayonini qaytadan boshlashdi.

An'anaga ko‘ra, saylov byulletenlari chorshanba tongida maxsus yog‘och qutilarga joylangan holda senat binosiga yuborilgandi. Namoyishchilar senat binosiga hujum qilishganida, Kongress apparati xodimlari bu qutilarni xavfsiz joyga ko‘chirishga ulgurishdi.

Kechga borib AQShdagi yirik kompaniyalar va biznes-birlashmalar, xususan, Citi Bank va Sanoat palatasi qonunchilarga AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 25-tuzatish asosida zudlik bilan Donald Trampni hokimiyatdan chetlatishni so‘rab murojaat qilgani ma'lum bo‘ldi. Bu tuzatish davlat rahbarining layoqatsizligi holatida shunday ehtimolni nazarda tutadi. Bu holatda uning vakolatlarini yangi prezident saylangunicha vitse-prezident bajaradi.

Amerika nashrlari xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi a'zolari Donald Trampni muddatidan avval hokimiyatdan chetlashtirib, davlat rahbari vakolatlarini vitse-prezident Mayk Pensga topshirish imkoniyatini muhokama qilmoqda.

Trampning o‘zi hozircha poytaxtdagi voqealar bo‘yicha hech qanday izoh bermadi. Chorshanba kuni kechqurun Tvitter Trampning oxirgi xabarini (videomurojaat) ijtimoiy tarmoq qoidalariga zid deb topib, o‘chirib tashladi va AQSh prezidenti akkauntini 12 soatga bloklab qo‘ydi. Kompaniya navbatdagi qoidabuzarliklardan so‘ng Tramp akkauntidan butunlay ayrilib qolishi mumkinligidan ogohlantirdi. Trampning Facebook, Instagram va YouTube’dagi videolari ham o‘chirilgan va akkauntlari 24 soatga bloklangan.

Mavzuga oid
Top