08:48 / 07.01.2021
5339

Trampning Twitter va Facebook’dagi akkauntlari bloklab qo‘yildi

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp qoidabuzarliklar uchun Twitter’da 12 soatga, Facebook’da esa 24 soatga yozish imkonidan mahrum qilindi. Agar shunday qoidabuzarliklar takrorlansa, AQSh prezidentining akkauntlari batamom o‘chirib tashlanadi. 

Twitter’da ta'kidlanishicha, Vashingtonda yuz berayotgan tartibsizliklar ortida Trampning ijtimoiy tarmoqda joylashtirgan uchta posti ijtimoiy tarmoq qoidalariga zid bo‘lgani sababli o‘chirib tashlanishi lozim. Shundagina akkaunt 12 soatdan keyin blokdan chiqariladi. Agar Tramp tomonidan ijtimoiy tarmoq qoidalari yana buzilsa, uning akkaunti batamom bloklab qo‘yilishi mumkin. 

Avvalroq Tramp Twitter’da tarafdorlariga videomurojaat qilib, tartibsizliklar uyushtirmaslikni va uylariga qaytishni so‘ragan. Biroq shu bilan birga, u yana bir bor saylovlar o‘g‘irlanganini ta'kidlab o‘tgan.

“Biz sizni yaxshi ko‘ramiz. Siz ajoyibsiz. Siz nima his qilayotganingizni bilaman, biroq uylaringizga qaytinglar”, deb namoyishchilarni tinchlantirishga uringan Tramp.

Shuningdek, Twitter Tramp tarafdorlariga uning videomurojaatini retvit qilish yoki unga layk bosishni taqiqlab qo‘ygan. 

“Saylovlardagi soxtalashtirishlar haqidagi bayonot bahsli hisoblanadi. Ushbu tvitga zo‘ravonlik xavfi sababli izoh berib bo‘lmaydi, uni retvit qilib yoki unga layk bosib bo‘lmaydi”, deyilgan Trampning videomurojaati ostidagi xabarda.

Bundan tashqari, Trampning ba'zi boshqa tvitlarida ham layk bosish o‘chirib qo‘yilgani ma'lum qilingan. 

Shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog‘i ham xuddi shu sabablarga ko‘ra Trampning akkauntini bloklab qo‘ygan.     

“Bizning baholashimizcha, prezident Tramp sahifasida ikkita qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgan. Shu sababli sahifaning funksiyalari 24 soatga o‘chiriladi. Bu esa prezident bu vaqt ichida ijtimoiy tarmoqda yoza olmasligini anglatadi”, deb izoh berilgan Facebook’da.

6 yanvarda Tramp tarafdorlari prezident saylovlari natijalarini tasdiqlash bo‘yicha kongress yig‘ilishi o‘tayotgan Vashingtondagi Kapitoliy binosiga bostirib kirishgan. Shu sababli u yerdagi qonun chiqaruvchilarni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan. Tartibsizliklar vaqtida bir ayol namoyishchi halok bo‘lgan. 

Mavzuga oid
Top