09:20 / 08.01.2021
3281

Boeing kompaniyasi 737 Max atrofidagi mojaroni hal qilish uchun 2,5 milliard dollar to‘laydi

Foto: AP

Boeing kompaniyasi 737 Max samolyotlari ishtirokida yuz bergan va 346 kishining o‘limiga olib kelgan ikkita aviahalokat ishi doirasida o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni hal qilish uchun 2,5  mlrd dollar to‘lashga rozi bo‘ldi.   

Kelishuv o‘z ichiga 243,6 mln dollar jarima, mijozlarga 1,77 mlrd dollar tovon puli to‘lanishi va aviahalokatlar qurbonlari yaqinlari, merosxo‘rlariga tovon puli to‘lash uchun 500 mln dollarlik jamg‘arma tashkil etilishini o‘z ichiga oladi.  

Boeing sud hujjatlarida ikki nafar texnik uchuvchisi AQShning Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasiga (FAA) samolyotlarda aviahalokatlarga olib kelgan MCAS tizimi bo‘yicha yolg‘on axborot berganini tan olgan. 

“Lion Air va Ethiopian Airlines aviakompaniyalari samolyotlarining halokati tijoriy samolyotlar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalardan biri xodimlarining firibgarligi va aldovini fosh qildi”, deb aytgan AQSh bosh prokurori vazifasini bajarayotgan Devid Berns. Uning ta'kidlashicha, Boeing xodimlari 737 Max samolyotlari haqidagi muhim axborotni FAA’dan yashirib, rostgo‘ylik o‘rniga daromadni afzal ko‘rishgan. 

Boeing ijrochi direktori Devid Kalxun ushbu kelishuv “kompaniya o‘z qadriyatlari va ishonchni oqlay olmaganini tan olishini ko‘rsatishini” aytgan. 

Ushbu aviahalokatlardan keyin 2019 yil martidan butun dunyoda Boeing-737 Max samolyotlari parvozlari to‘xtatilgandi. Samolyotlar atrofidagi inqiroz ularga ko‘plab buyurtmalarning bekor qilinishi va kompaniya uchun ko‘p milliardlik zararga olib kelgan. Boeing kompaniyasi 737 Max samolyotlariga tegishli o‘zgartirishlarni kiritgach, 2020 yil iyunda AQSh rasmiy idoralari ushbu samolyotlar parvozlarini tiklash uchun ularning sinovlarini o‘tkazishga ruxsat bergan. Sinovlar muvaffaqiyatli o‘tgach, AQShda 29 dekabrdan 737 Max samolyotlaridan yana foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. 

Mavzuga oid
Top