11:46 / 08.01.2021
9961

Tramp o‘zini afv etishi mumkin - OAV

Foto: Reuters

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp o‘z yordamchilari bilan prezident lavozimidan ketishigacha o‘zini afv etish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda The New York Times nashri ma'lum qildi.   

Ta'kidlanishicha, Oq uy rahbari 3 noyabrda o‘tgan prezident saylovlaridan keyin yaqin atrofidagi odamlarga prezidentlik muddatining oxirgi kunlari o‘zini afv etmoqchiligini, biroq bunday qilishi to‘g‘ri bo‘ladimi yoki yo‘qligi borasida ikkilanayotganini aytgan.   

Nashrning ba'zi manbalariga ko‘ra, Tramp 6 yanvarda Kapitoliyda yuz bergan tartibsizliklardan keyin buni qilishga tayyorlanmoqda.

Shu bilan birga, Tramp qanday ayblovlardan hayiqayotgani ma'lum qilinmagan.

NYT ma'lumotlariga ko‘ra, bungacha AQShning birorta prezidenti o‘zining afv etilishini e'lon qilmagan. Shu sababli Tramp bunday yo‘l tutsa, yomon o‘rnak ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, prezidentning afvi inson shtatlar ma'muriyati tomonidan emas, balki federal hokimiyat tomonidan ayblangan jinoyatlarga nisbatan amal qiladi.  

Avvalroq CNN telekanali Tramp o‘z yordamchilari bilan o‘z qizi Ivanka Trampni va uning turmush o‘rtog‘i Jared Kushnerni hamda boshqa bir qator odamlarning afv etilishi imkoniyatini muhokama qilganini ma'lum qilgan. Ta'kidlanishicha, Tramp o‘z yaqinlarining yangi prezident Jo Baydenning hokimiyati vaqtida sud ta'qiblariga uchrashi mumkinligidan xavotirlanmoqda.

Mavzuga oid
Top