17:51 / 09.01.2021
12409

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari “Uzbekneftegaz GTL” zavodidagi ishga tushirish oldi ishlari borishini o‘rgandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev 2021 yildagi ilk rasmiy tashrifini Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanidagi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalaridan boshladi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Bugun, 8 yanvar kuni “Uzbekneftegaz GTL” korxonasining qurilish maydonida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev rahbarligidagi ko‘chma ishchi guruh yig‘ilishi ham o‘tkazildi.

Yig‘ilishda investitsiya loyihasining amalga oshirilishi, qurilish-montaj ishlarini yakunlash holati, tashqi infratuzilma obektlari qurilishining olib borilishi, shuningdek, “Uzbekneftegaz GTL” korxonasining ishga tushirish-sozlash oldi va ishga tushirish-sozlash ishlarining amalga oshirilishi batafsil muhokama qilindi.

Bugungi kunga kelib, korxonaning qurilish maydonida asosiy qurilish-montaj ishlari yakunlanib, ishga tushirish-sozlash oldi va ishga tushirish-sozlash ishlari faol sur’atlarda olib borilmoqda.

Qurilish maydonida asosiy qurilish-montaj ishlari yakunlangani tufayli xodimlar soni tobora kamayib, ayni paytda 9 ming nafarga yaqin xodim ishini davom ettirmoqda hamda 600 taga yaqin maxsus texnika jalb etilgan.

Oktabr oyida korxonada asosiy podstansiya ishga tushirildi va korxonaga elektr ta’minoti qabul qilinishi boshlandi, shuningdek, 2-son nazorat-o‘lchov priborlari va avtomatika xonasi binosida ishga tushirish-sozlash ishlari yakunlandi. 

Bundan tashqari, korxonaning Markaziy boshqaruv pulti, nazorat-o‘lchov priborlari va avtomatika tizimi uchun siqilgan havo ishlab chiqarish qurilmasi (75-qurilma), shuningdek, bir qator boshqa qurilmalar ishga tushirildi.

Loyiha amalga oshirilishi bilan tanishish davomida, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv Kengashi raisining shaxsiy ishtirokida, xom suv tayyorlash qurilmasining birinchi bosqichi, ya’ni demineralizatsiyalangan suvni ishlab chiqarish tizimidagi ishga tushirish-sozlash ishlariga start berildi (71- va 87- qurilmalar).

Ko‘chma ishchi yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Boshqaruv raisi tomonidan ishga tushirish-sozlash oldi va ishga tushirish-sozlash ishlarining yuqori sifatli bajarilishi hamda korxonaning muvaffaqiyatli ishga tushirilishini ta’minlashga qaratilgan qator ko‘rsatmalar berildi.

Boshqaruv raisi xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi qoidalari va talablariga qat’iy rioya qilish, korxonaning ekspluatatsiya xodimlarini yuqori sifatli tayyorlash, shuningdek, ishga tushirish-sozlash ishlarini yuqori sifat bilan bajarishga qaratilgan qator boshqa ko‘rsatmalarga alohida e’tibor qaratdi.

“Uzbekneftegaz GTL” korxonasining ishga tushirilishi joriy yilga rejalashtirilgan bo‘lib, unda 93 ming tonna aviakerosin, 220 ming tonna dizel yonilg‘isi, 133 ming tonna nafta va 16 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Ishga tushirish-sozlash oldi va ishga tushirish-sozlash ishlari faol sur’atlarda davom etmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top