17:48 / 10.01.2021
7438

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh Muborakdagi gaz konlari va quduqlar holatini o‘rgandi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘lib, 2021 yil prognoz ko‘rsatkichlarini bajarishga qaratilgan geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirish rejalari yuzasidan «Ko‘kdumaloq» majmuasi, «Zevarda» koni va «Alan» konlarida amalga oshirilayotgan manzilli dastur va loyihalar, qazib chiqarish jarayonlari holatini o‘rgandi.

Ishchi guruh dastlab «Ko‘kdumaloq» majmuasidagi Gazni kompleks tayyorlash qurilmasi, Kondensatni barqarorlashtirish qurilmasi, Qatlamga gaz haydash inshooti va 1-, 2-, 3-sonli Siquv kompressor stansiyalari holati bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, qazib chiqarish texnologik jarayonini boshqarayotgan ishchi–xodimlar bilan muloqot asosida ularning fikr va takliflari o‘rganilib, qurilmalarni qishki mavsumda va doimiy uzluksiz barqaror ishlashini ta'minlash zarurligi, har bir jarayonga yanada mas'uliyat bilan yondashish kerakligi ta'kidlandi.

Bundan tashqari, barcha yo‘nalishlarda xavfsizlik texnikasiga doimiy rioya qilishni hamda qazib chiqarish rejaviy ko‘rsatkichlarini bajarish muhimligi aytildi.

Shu bilan birga, Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh neft qazib olish jarayonlarini o‘rganib, konning 2-,3-, 6-sonli neft yig‘uv punktlari va Qatlam bosimini saqlash inshooti (Manifold)da amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Qazib chiqarish uzluksizligini ta'minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish, qo‘yilgan vazifalarni astoydil bajarib, qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlari bajarish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.

Ishchi guruh shu bilan birga «Zevarda» majmuasida yangi qurilayotgan past bosimli Siquv kompressor stansiyasi(SKS)da qurilish maydonida bo‘lib, kompressor stansiya uchun keltirilgan va yetkazib berilayotgan ehtiyot qismlar, jihozlar, asbob-uskunalar o‘rnatilishi, montaj ishlarini ham o‘rganib chiqdi.

O‘rganish jarayonida SKS qurib ishga tushirishni tezlashtirish zarurligi, qurilayotgan stansiya ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlarini bajarilishida katta ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Shuningdek, uglevodorodlarni qazib chiqarish, quduqlarni burg‘ilash va kapital ta'mirlash jarayonlarida yangi yo‘nalishlardan keng foydalanish, yangi gaz konlarini o‘zlashtirish, quduqlarni kapital ta'mirlash ishlarining samaradorligini oshirish, qazib chiqarishga ijobiy ta'sir etadigan qurilish-montaj ishlarini jadallashtirish kabi masalalar yuzasidan fikrlar almashildi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh «Alan» konida yangi qurilayotgan past bosimli Siquv kompressor stansiyasining ham qurilish maydonida bo‘lib, bu yerda quruvchi «ERIELL OIL FIELD SERVICES MIDDLE EAST DMCC» kompaniyasining mas'ul rahbarlarining hisobotlarini tingladi.

O‘z navbatida, 2-Siquv kompressor stansiyasining qurilish-montaj ishlari ham o‘rganildi va ushbu stansiyani qisqa muddatlarda ishga tushirish bo‘yicha boshqarma va tegishli rahbarlariga vazifalar belgilab berildi.

Bu qurilish maydonida ham uglevodorodlarni qazib chiqarish, quduqlarni burg‘ilash va kapital ta'mirlash jarayonlarida yangi yo‘nalishlardan keng foydalanish, quduqlarni kapital ta'mirlash ishlarining samaradorligini oshirish, texnologik obektlarning qurilish-montaj ishlarini jadallashtirish kabi masalalar yuzasidan fikrlar almashildi.

Shundan so‘ng, Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh boshqarma tasarrufidagi «Ko‘kdumaloq» majmuasida ishchi xizmatchilar va boshqarma kon, sex rahbarlari, mutaxassislar o‘rtasida sayyor uchrashuv o‘tkazdi.

Boshqaruv raisi barchaga 2020 yilda qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlarining bajarilishi bo‘yicha tuzilgan kompleks chora-tadbirlar asosida uglevodorodlar qazib chiqarish rejalari bajarilganini ta'kidlab, o‘z minnatdorchiligini izhor etdi.

Bu natijalarga ishchi-xodimlarning samarali mehnati orqali erishilgani va 2021 yilda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish yo‘lida barchaning yakdil, bir jamoa bo‘lishi muhimligi ta'kidlandi.

Boshqaruv raisi cho‘l sharoitida, ob-havoning har qanday injiqliklariga qaramasdan, konlarda va quduqlarda mehnat qilayotgan ishchilarga yana bir bor minnatdorchilik bildirib, ularga barcha yo‘nalishlarda sharoit yaratib berishga tayyor ekani, har bir ishchi bilan suhbat qilishga – fikr va takliflarini tinglashga tayyorligini bildirdi.

2020 yilda o‘zining mehnatsevarligi bilan boshqa hamkasblariga o‘rnak bo‘lgan ishchi-xodimlarga esdalik sovg‘alar topshirildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top