23:28 / 11.01.2021
26633

AQShning maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Toshkentda Tanzila Norboyeva va Saida Mirziyoyeva bilan uchrashdi

AQSh Davlat departamentining Ayollar global muammolari bo‘yicha ofisi rahbari, maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchi Kelli Kyurri Toshkentga keldi.

Davlat kotibi yordamchisi 9 yanvar kuni Oliy Majlis Senatida bo‘lib, palata raisi Tanzila Norboyeva va uning birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashdi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

10 yanvarda esa O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi a'zosi, Mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotlarda ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishning qator masalalari ko‘rib chiqildi.

Senat axborot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, «C5+1» platformasi doirasida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash loyihasi boshlandi. Bu loyiha birinchi navbatda O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) O‘zbekiston va Qozog‘istonning qonunchilik bazasini takomillashtirish loyihasini ishga tushiradi.

DFC vakili Ch.Uollesning ta'kidlashicha, tashkilotning hozirgi moliyalashtirish yondashuvi «aqlli iqtisodiyot» tamoyillariga asoslanadi; bu – xotin-qizlarga tegishli, ular tomonidan boshqariladigan va qo‘llab-quvvatlanadigan tadbirkorlik bilan bog‘liq operatsiyalarda xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini tadbirkorlar sifatida kengaytirishni nazarda tutadi.

Uolles O‘zbekistondagi xotin-qizlarga mo‘ljallangan reabilitatsiya markazlari (shelterlar) va AQShdagi shelterlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini ham bildirdi.

Top