14:55 / 11.01.2021
12199

Hokimlar va futbol. «Neftchi» va «Buxoro»da ishtiyoq kuchli, «Dinamo»da murabbiy yo‘q, «Orol» alohida e'tiborda

2021 yilda Pro liga klublari o‘rtasida Superligaga chiqish uchun kurash har qachongidan ham qizg‘in o‘tishi kutilmoqda. Bu yil Pro ligada 10ta jamoa ishtirok etishi va Superligaga chiqish uchun «Neftchi», «Buxoro», «Dinamo», «Orol», «Sho‘rtan», va «Istiqlol» klublari kurash olib borishi kutilmoqda.

«Neftchi»: Mo‘minjonov ish boshladi, viloyat hokimi klub oldiga dastlab Superliga, keyin OChL vazifasini qo‘ygan

O‘tgan mavsumda «Turon»dan ortda qolib, elitaga qayta olmagan «Neftchi» 2021 yilda Pro ligada bo‘lishiga qaramay Superliga darajasida kuchaymoqda. Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrullo Bozorov ushbu viloyatdagi 4 oylik faoliyati davomida Farg‘onaning 4 klubi – Superligadagi «Qo‘qon-1912» va «Turon», Pro ligadagi «Neftchi» va «Istiqlol» klublari bilan alohida uchrashishga ulgurdi, muammolari yechilishiga yordam berib, 4ta klubni ham qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

Joriy yilning 2 yanvar kuni esa «Neftchi»da yig‘ilish o‘tkazib, Ilhom Mo‘minjonov bosh murabbiy etib tayinlandi. Farg‘ona viloyati hokimi klubni shu yilning o‘zida Superligaga olib chiqish, keyingi yil OChLni maqsad qilish uchun barcha sharoit yaratilishi, imkonqadar har o‘yinda «Neftchi» o‘yinini kuzatish uchun kelishini ma'lum qilgan. Pro ligadagi «Neftchi»ning 2021 yilgi yillik budjeti 20 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lishi deyarli tasdiqlanish arafasida. Ha, bu Farg‘onaning birinchi emas, Superligadagi «Qo‘qon-1912» va «Turon»dan keyingi 3-jamoasi bo‘lib turgan klubning yillik smetasi.

Mo‘minjonov jamoasi allaqachon Toshkentda yig‘in boshlab, Superligada to‘p surayotgan o‘nlab tajribali futbolchilar bilan muzokara o‘tkazgan. Murabbiy dastlabki matbuot anjumanida viloyat hokimi Xayrulla Bozorovga ishonch va qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorchilik bildirib, Farg‘onada ham Namangandagidek muvaffaqiyatli natijalar qayd etish uchun bor kuch va imkoniyatini ishga solishini ma'lum qilgandi. Ko‘rinib turibdiki, «Neftchi» 2021 yilda Superligaga chiqish uchun asosiy da'vogarga aylanadi.

«Buxoro»: Viloyat hokimi katta yig‘ilish o‘tkazdi, Fayziyev oldiga «Buxoro»ni Superligaga olib chiqish vazifasi qo‘yildi

«Buxoro» klubi 2020 yil yakunida Superligani tark etgach, klub rahbariyati va murabbiylar shtabi iste'foga chiqarildi. Rahbariyatdan Alisher Rustamov, Hasan Ro‘ziyev, murabbiylar shtabidan Jamshid Saidov va Aleksandr Xomyakov jamoa bilan xayrlashdi.

Ikki oy avval Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida tayinlangan Botir Zaripov 5 yanvar kuni Davron Fayziyev bilan uchrashib, jamoani to‘liq yangilashi va Superligaga chiqish uchun tarkibni tayyorlashi, buning uchun barcha sharoit qilinishi haqida kelishib olishdi. Klubga homiylar biriktirildi.

Fayziyev bir qator Superliga futbolchilari bilan birga allaqachon turnirdagi asosiy raqibi «Dinamo»ning 3-4 nafar yetakchi futbolchisini ham Samarqanddan Buxoroga chaqirib olgan. Klub Pro liga boshlanguncha mart oyiga qadar barcha rejasini belgilab, 8 yanvardan Buxoroda yig‘inga kirishdi.

9 yanvar kuni esa Buxoro viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti sanalmish Botir Zaripov viloyati futbolining hozirgi holati, yangi maqsad va rejalar, «Buxoro» klubini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta yig‘ilish o‘tkazgan. Davron Fayziyev murabbiyligidagi jamoa tez orada Toshkent va Farg‘onada yig‘in o‘tkazib, bir qator yangi futbolchilar bilan tarkibni kuchaytirishi rejalashtirilgan.

Ko‘rinib turibdiki, «Buxoro» turnirdagi g‘oliblik uchun «Neftchi» bilan kurash olib boradi. Murabbiy ham shu yilning o‘zidayoq klubni Superligaga olib chiqish uchun bor kuch va imkoniyatini ishga solishini aytib o‘tdi.

«Dinamo»: Uch oydan buyon bosh murabbiy yo‘q, futbolchilar jamoani tark etmoqda

2020 yilgi mavsumda Superligaga chiqa olmay, o‘z tarixida ilk marta ketma-ket ikkinchi yilni ham quyi ligada o‘tkazadigan Samarqand viloyatining bosh jamoasi «Dinamo» nom jihatdan bu yil ham Pro liga g‘olibligi va Superliga uchun asosiy da'vogardek ko‘rinsa-da, aslida ko‘hna shahar jamoasining o‘zbek futbolidagi mavqei tobora sho‘ng‘iyotgani hech kimga sir emas.

2019 yilda viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Erkinjon Turdimov tashabbusi bilan jamoada ijobiy o‘zgarishlar qilingan bo‘lsa-da, 2020 yilda bo‘lgani kabi yangi 2021 yilda ham avvalgi kuchli ishtiyoq va shijoat ko‘rinayotgani yo‘q. Superligani maqsad qilgan Pro liganing aksariyat klublari ulkan shijoat bilan yangi murabbiylar qo‘l ostida allaqachon tayyorgarlikka zo‘r bergan bir paytda, «Dinamo»ga uch oydan buyon hali bosh murabbiy ham tayinlangani yo‘q. Tarkibdagi aksariyat mahalliy futbolchilar esa boshqa klublardan qo‘nim topmoqda.

«Dinamo» o‘tgan mavsumda azaliy va asosiy raqibi «Neftchi»ni so‘nggi ikki o‘yinda – Samarqand va Farg‘onada ham mag‘lubiyatga uchratganiga qaramay, vodiy klubidan keyingi 3-o‘rinda qolgan bo‘lsa-da, yangi mavsumda ham Superliga yo‘llanmasi uchun asosiy da'vogar sanalmish Farg‘ona va Buxoro klublaridan har taraflama ortda qolayotgandek. Shu o‘rinda, salohiyati va aholisi jihatdan ikki yetakchi viloyat Samarqand va Farg‘onadagi futbolga e'tiborni taqqoslab, birgina Farg‘onadan 4 klub - Superligada «Qo‘qon-1912» va «Turon», Pro ligada «Neftchi» va «Istiqlol», Samarqand viloyatidan esa bitta «Dinamo» chempionatda ishtirok etayotganligining o‘zi ham bu borada Farg‘onada e'tibor va qiziqish katta ekanligini ko‘rsatib turibdi. Yana bir jihati Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasi O‘FA tomonidan 2020 yilda eng yaxshi hududiy federatsiya deb topilgan bo‘lsa, Samarqand futbol assotsiatsiyasida hali hamon ish yurituvchi birinchi vitse-prezident tayinlangan emas.

«Dinamo»da bosh murabbiy, viloyat federatsiyasida rahbar tayinlanmagani bilan birga ko‘hna shahardagi futbol maydonlari borasidagi muammolar ham o‘z yechimini topgani yo‘q. «Dinamo» stadioni kuchli yoqqan yomg‘irlardan keyin bir necha marta suv ostida qolgach, maydonning holati avvalgi darajasidan ancha yomonlashgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyati hokimi lavozimidagi faoliyati davomida qurilgan 15 ming tomoshabin sig‘imli «Olimpiya» stadionida ham ikki yil oldin rekonstruksiya ishlari boshlanganiga qaramay, ishlar chala qolib ketgan. Eng achinarlisi, O‘zbekistonning deyarli barcha viloyatlarida qurilgan sun'iy qoplamali maydonlarning asosiy qismini Samarqand viloyatidagi zavodlar yetkazib berganiga qaramay, viloyatning o‘zida qishki mavsumda juda zarur bo‘ladigan standart o‘lchamdagi birorta ham sun'iy qoplamali maydon yo‘q. Ko‘rinib turibdiki, klubdagi vaziyat va viloyat futbolidagi e'tibor jihatdan ham «Dinamo» Superliga klublari nari tursin, Pro ligadagi asosiy raqobatchilari Farg‘ona va Buxorodan ham ortda qolayotgandek.

«Orol» Qoraqalpog‘iston rahbariyati e'tiborida bo‘ladi

O‘zPFL Bosh direktori vazifasini bajaruvi Diyor Imomxo‘jayev hamda O‘FA texnik direktori Sergey Arslonov boshchiligidagi ishchi guruh dekabr oyida «Orol» klubining moddiy-texnik bazasini yaxshilash va uning kelasi mavsumda istisno tarzida Pro ligada ishtirok etishi masalasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi Qahramon Sariyev hamda Jo‘qorg‘i Kenges raisi Murat Kamalov qabulida bo‘lib qaytgandi.

Ko‘p o‘tmay, «Qoraqalpog‘iston Respublikasida professional futbolni rivojlantirish, «Orol» futbol jamoasini qo‘llab-quvvatlash, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda kadrlar salohiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e'lon qilindi. Unda 2021 yildan boshlab Nukusning «Orol» futbol jamoasini har yili tasdiqlangan xarajatlar smeta hujjatlariga muvofiq zarur bo‘lgan mablag‘lar bilan ta'minlash, O‘zbekiston chempionati musobaqalari va o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlariga o‘z vaqtida va muntazam borib kelishlari uchun 1 dona «Yutong» avtobusi (44 o‘rinlik) va 1 dona «Mercedes benz Tourismo» avtobusi (51 o‘rinlik) bilan ta'minlash, 2021 yildan boshlab «Orol» futbol jamoasining Pro ligada istisno tariqasida ishtirok etishini ta'minlash ko‘zda tutilgan.

«Orol» klubining yillik budjeti yaqin kunlarda tasdiqlanishi kutilmoqda. Nukus jamoasiga e'tibor oshirilishi, klub Qoraqalpog‘iston rahbariyati qo‘llab-quvvatlashi ostida bo‘lishi rejalashtirilgan. Jamoa oldiga Superliga vazifasi qo‘yiladi.

«Sho‘rtan», «Istiqlol», «Xorazm» va boshqa klublarda nima gap?

G‘uzorning «Sho‘rtan», Farg‘onaning «Istiqlol» klublari ham o‘tgan yillardagidek Pro liga grandlari uchun jiddiy kurash taqdim etishlari kutilmoqda. Asror Aliqulov boshqaruvidagi «Sho‘rtan» o‘tgan mavsumda ham Pro ligada uzoq vaqt yetakchilik qilgandi. G‘uzor klubi 2021 yilda ham Superligaga chiqish uchun urinishini taxmin qilish mumkin.

Anvar Berdiyev murabbiyligidagi «Istiqlol» o‘tgan mavsumda omadsizlik tufayli yakuniy to‘rtlikdan o‘rin ololmagandi. Ammo Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov sa'y-harakati bilan klub uy stadioni «Istiqlol»ga qaytarilgach, yaxshi natijalar qayd eta olgandi.

Shuningdek, Aleksandr Yejov boshqaruvidagi «Xorazm» jamoasi, Alisher Shog‘ulomov qo‘l ostidagi «Oqtepa», Temur Kapadze murabbiyligida tashkil etilayotgan «Olimpiya» klubi, Pro ligaga chiqib, Eldor Sakayev murabbiyligida tayyorgarlik ko‘rayotgan «Yangiyer» klublari ham Pro liga 2021 yilgi mavsumining Superligadan shiddatliroq o‘tishini va'da qilayotgandek. Har qanday holatda ham nihoyat, Superligaga jiddiy raqobat qila oladigan yana bir liga shakllanayotgani quvonarli.

O‘tkir Jalolxonov

Top