14:50 / 11.01.2021
17855

Jizzaxda gaz va svet yo‘qligidan xalqaro avtoyo‘l to‘sildi. Aholi murojaatini o‘rganish uchun komissiya tuzilgan

11 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda M39 Toshkent – Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati Paxtakor tumani «Navbahor» MFY hududidan o‘tuvchi qismi bir guruh fuqarolar tomonidan to‘sib qo‘yilgani aks etgan videotasvirlar tarqaldi.

Tasvirlardan anglashiladiki, mazkur holatga aholiga oqma gaz va elektr energiyasining aholi ehtiyojidan kelib chiqib, o‘z vaqtida yetkazib berilmayotgani sabab bo‘lgan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, ushbu holatni bartaraf etish uchun viloyat hokimi o‘rinbosarlari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borishgan. Hozir aholi murojaatlari tinglanib, avtomobillar uchun yo‘lning qatnov qismidagi harakat qayta tiklangan.

Shuningdek, murojaatda aks etgan kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish uchun viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari boshchiligida komissiya tuzilgan.

Viloyat gaz ta'minoti korxonasi axborot xizmatining Kun.uz muxbiriga bergan dastlabki ma'lumotlariga ko‘ra, «Navbahor» MFY 5 yil oldin Sharof Rashidov tumani hokimining tegishli qarori bilan tabiiy gaz ta'minotidan uzib qo‘yilgan.

Bunga sabab — «Navbahor» MFY viloyatning Paxtakor tumani hududida joylashgan bo‘lishiga qaramasdan Sharof Rashidov tumani gaz ta'minoti korxonasi orqali oqma gaz bilan ta'minlab kelingani va so‘nggi nuqta bo‘lgani sabab, gaz bosimi tushib ketgani ko‘rsatilgan. Ammo aholi o‘tgan davrda to‘liq suyultirilgan gaz ta'minoti bilan ta'minlab kelingan.

Hozirda viloyat va tuman gaz ta'minoti korxonalari xodimlari voqea joyida faoliyat olib borishmoqda. Tuzilgan ishchi guruh tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inini hududini bir hafta ichida oqma gaz ta'minotiga qayta ulash choralari ko‘riladi.

Voqea yuzasidan tez orada rasmiy munosabat berilishi ham ma'lum qilindi.

Top