08:53 / 11.01.2021
11398

Qurol uchun ruxsatnoma qanday olinishi aniqlashtirildi

Vazirlar Mahkamasining «Qurol muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Foto: Anadolu Agency

Norma’ning yozishicha, hujjat bilan qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida ruxsat berishga doir talablar va shartlarni, shuningdek ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish, uning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish hamda ruxsat berishga doir talablar va shartlarga rioya etilishini nazorat qilish tartibini nazarda tutuvchi quyidagi nizomlar tasdiqlandi: 

Yuridik shaxslarning qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

O‘zbekiston fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolarining qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
 
Qaror kuchga kirganidan keyin uch oy ichida «Qurol to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslardagi mavjud pnevmatik qurollar ichki ishlar organlarida ro‘yxatga qo‘yiladi.
 
Quyidagilar qurol muomalasi sohasida harakatlarni amalga oshirish uchun ruxsat berishga doir asosiy talablar va shartlar hisoblanadi:

  • fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, jamoat tartibi va jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasidagi qonun va normativ hujjatlarga, yong‘inga qarshi, ekologiya, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishini ta'minlash;
  • qurol va uning o‘q-dorilarining but saqlanishini ta'minlash;
  • «Qurol to‘g‘risida»gi qonunning 7- va 9-moddalari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • qurolning individual (turi, xili, modeli, zavod seriyasi va raqami, chiqarilgan yili), uning o‘q-dorilarining esa jamlanma (turi, kalibri, partiyasi va miqdori bo‘yicha) hisobini yuritish, ularning mavjudligini, kirim-chiqimi hamda foydalanish uchun berish-qabul qilib olishni nazorat qilib borish, shuningdek buxgalteriya hujjatlarini 10 yil mobaynida saqlash;
  • qurol va uning o‘q-dorilari sohasida harakatlarni bajarish va faoliyatni amalga oshirishga bevosita bog‘liq ishlarga jalb etilayotgan xodimlar orasida 18 yoshga to‘lmagan, shuningdek doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar bo‘lmasligini ta'minlash va boshqalar.

Qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida aniq harakatlarni bajarish va (yoki) muayyan faoliyatni amalga oshirishda ruxsat berishga doir qo‘shimcha talablar va shartlarga quyidagilar kiradi:

a) fuqaroviy, xizmat va kolleksiya quroli hamda uning o‘q-dorilarini olish bo‘yicha:

mamlakat hududida qurol va uning o‘q-dorilarini faqat ularni realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar orqali olish;

qurol va uning o‘q-dorilari olingandan (yoki realizatsiya qilingandan) so‘ng 10 kun muddatda ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun hujjatlarni taqdim etish;

b) fuqaroviy, xizmat va kolleksiya quroli hamda uning o‘q-dorilarini saqlash bo‘yicha:

jamoat tartibi va xavfsizligini ta'minlash uchun zarur moddiy-texnik bazaning va uskunalarning mavjudligi;

o‘rnatilgan signalizatsiya vositalari Milliy gvardiyaning texnik qo‘riqlash markaziga ulanishini ta'minlash va boshqalar.
 
Shuningdek, nizomda ruxsatnomalarni rasmiylashtirish sxemasi, ruxsatnomalar olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati keltirilgan, ularni berishni nazorat qilish tartibi, ruxsatnomalar reyestrini yuritish tartibi belgilangan.

Mavzuga oid
Top