19:24 / 12.01.2021
3299

2020 yilda 8310 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan – IIV

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshodbek Murodbekovning aytishicha, 2020 yilda 8310 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berilgan.

«2020 yilda O‘zbekiston prezidentining 17 ta farmoniga asosan 8310 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi va 141 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish haqidagi iltimosnomalari qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 72 ta farmoniga asosan jami 18631 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan. Jumladan, 2016 yil 179 nafar, 2017 yilda 1064 nafar, 2018 yilda 2760 nafar, 2019 yilda 6318 nafar shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi taqdim etilgan.

Ko‘rsatkichlardan ko‘rinib turibdiki, yildan yilga fuqarolikka qabul qilinayotganlarning soni oshib bormoqda. 1992 yildan 2016 yilga qadar respublika bo‘yicha jami 482 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan», — deb aytgan Dilshodbek Murodbekov 12 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Avvalroq IIV Fuqarolikni rasmiylashtirish va migratsiya boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ulug‘bek Muhammedov 2020 yilda prezidentning 16 ta farmoniga asosan 7419 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganini bildirgan edi.

Prezident tomonidan 2020 yil 13 mart kuni imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunga bilan 1995 yilgacha respublikaga ko‘chib kelganlarga O‘zbekiston fuqaroligini to‘g‘ridan to‘g‘ri berish tartibi belgilangan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatida mamlakatimizga 2005 yilgacha ko‘chib kelib, 15 yil davomida muqim yashagan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligini berish tartibi joriy qilinishi, buning natijasida 20 ming kishi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma'lum qilgandi.

Top