10:53 / 12.01.2021
3012

Bino va o‘rinlar kamligi uchun salkam 1,2 mln nafar bola davlat bog‘chalariga borolmayapti – DXA

“Bo‘sh o‘rinlar kamligi uchun qariyb 1,2 mln nafar bola davlat bog‘chalariga borish imkoniyatiga ega emas. Har yili o‘rtacha 700 ming nafar boladan 500 mingiga bog‘chaga yo‘llanmalar beriladi, xolos”, deyiladi Davlat xizmatlari agentligi xabarida.

Foto: KUN.UZ

Davlat xizmatlari va Maktabgacha ta'lim vazirligi hamkorligida davlat bog‘chalariga navbat ko‘pligi sababi va yechimlari xususida infografika ishlab chiqildi. Unda ikkala tashkilotning muammoni bartaraf etish rejasi ham bayon etilgan.

Hozirgi paytda respublika bo‘ylab 6021ta davlat bog‘chalari mavjud. Ularda 1 mln 540 ming 637 nafar tarbiyalanuvchilar bor. Salkam 700 ming nafar bola ushbu bog‘chalarga navbat kutmoqda. Bog‘chalarning tarbiyalanuvchilarni qamrab olish darajasi atigi 55 foizni tashkil etmoqda.

Aytilishicha, asosiy muammo moddiy-texnik bazaning yetishmasligidir. Ya'ni bino va o‘rinlar kamligi natijasida har yili 1,2 mln nafar bolada davlat bog‘chalariga borish imkoni mavjud emas. Har yili o‘rtacha 700 ming nafar boladan 500 mingi bog‘chaga yo‘llanma oladi.

Ushbu muammo kelib chiqishiga asosiy sabab qabul tizimi shaffof va korrupsiyadan xoli bo‘lmaganligidir. Yangi tartibga ko‘ra, tizim to‘liq avtomatlashtirilgach, bog‘chalarga navbat tartib bilan amalga oshiriladigan bo‘ldi. Shuningdek, bog‘chaga joylashtirishda shaffoflik ta'minlandi.

Davlat xizmatlari agentligi va Maktabgacha ta'lim vazirligi ushbu masala yechimi bo‘yicha rejasini ham bayon etgan. Rejaga ko‘ra, maktabgacha ta'lim qamrovini 100 foizga yetkazish uchun 3-7 yoshdagi 1,2 mln nafar bolani qamrab olish lozim.

Bu bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar: yangi bog‘chalar qurilyapti, nodavlat bog‘chalarni ochish rag‘batlantirilmoqda, oilaviy (uy) bog‘chalar ochilyapti, uzoq vaqt davomida faoliyat yuritmayotgan bog‘chalar faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilmoqda, bolalar bog‘chalarining muqobil shakllari joriy etilmoqda, deyiladi DXA taqdim etgan infografikada.  

Top