14:50 / 13.01.2021
14457

Bosh vazir o‘rinbosari eksportdagi shubhali harakatlar bo‘yicha munosabat bildirdi

O‘zbekistondan eksportga yuborilgan mahsulot uchun mablag‘ning tadbirkor hisobiga kelib tushishi, uni undirib olish ishlari bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov eksport jarayonida mablag‘lar tushumining o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha nazorat tizimi yaratilayotganini ma'lum qildi. Shu orqali eksport-importdagi shubhali shartnomalar masalasiga yechim topilishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir so‘zlariga ko‘ra, mazkur tizim birinchi navbatda to‘lov intizomini ta'minlashda tadbirkorlar uchun muhim ahamiyatga ega.

«Eksportga yuborilgan mahsulotning, tovarlarimizning to‘lovi, tegishli hisob raqamga tushishi kerak bo‘lgan mablag‘ning har bir dollari, har bir sentigacha undirib olish ishlari bajariladi. Buni takomillashtirish bo‘yicha vazirligimiz boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda maxsus chora-tadbirlarni ishlab chiqdi. Respublika miqyosida alohida ishchi guruh shakllantirilgan. Men bu guruhga rahbarlik qilaman, Soliq qo‘mitasi raisi muovinim bo‘ladi. Birgalikda yangi tizim yaratamiz. Biz eksport holatlaridagi to‘lov intizomini qat'iy ta'minlaymiz.

Misol tariqasida, bizning mahsulotimizga pulni bir marta vaqtida to‘lamagan xorijdagi importyor bo‘lsa, uni o‘zimizdagi «qora ro‘yxat»ga kiritamiz. Keyingi holatda O‘zbekistondagi qaysi eksportchi mahsulotini o‘sha importchiga yuboradigan bo‘lsa, to‘lovni faqatgina oldindan qabul qilgan holda, eksportni amalga oshiradi. Chunki bir marta bizga pand berib muammoga duch kelishimizga sabab bo‘ldimi, ma'lum muddatga mana shunday chora ko‘rishga majbur bo‘lamiz», – dedi vazir 12 yanvar kuni OAV vakillari uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov

2020 yil 9 oy yakuniga ko‘ra, qovun eksportida Jizzax viloyati 7,6 ming tonna va tarvuz eksportida Qashqadaryo viloyati 7,2 ming tonna ko‘rsatkich bilan hududlar orasida yetakchilik qilgan. Qovun-tarvuz eksporti bo‘yicha asosiy yo‘nalish uzoq yillardan beri Qozog‘iston, so‘ngra Rossiya davlati bo‘lgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston o‘tgan yil 10 oyi yakuni bo‘yicha, 52 ming tonna qovun eksport qilgan. Yetishtirilgan qovun mahsuloti eksporti bo‘yicha Qozog‘iston 19,1 ming tonna ko‘rsatkich bilan yetakchilik qilgan. Shuningdek, Qirg‘izistonga 16,9 ming tonna, Rossiya Federatsiyasiga 6,1 ming tonna qovun eksport qilingan.

Qovun eksportida Rossiya o‘rnini Qirg‘iziston egallashi hamda vodiy viloyatlaridan qovun eksportining qo‘shni davlatlarga keskin oshib ketishi jamoatchilikda shubha tug‘diradi.

Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan savdo aloqalarida shubhali tovar narxlari va hajmlarining eksport-import qilinishi ortidan kelib chiqayotgan savollarga to‘lov intizomini oshirish orqali javob berish mumkinligini ta'kidladi, ya'ni eksportdagi muddati o‘tgan debitorlik qarzi qancha kamaysa, shartnomalar va undagi narxlar, natijada eksport bo‘yicha ko‘rsatkichlar to‘g‘ri shakllanganiga oydinlik kiritiladi.

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari Qirg‘iziston rasmiylari taqdim etadigan raqamlar va O‘zbekiston rasmiy statistikasi o‘rtasida me'yordan ortiq tafovut vujudga kelishini ta'kidladi. Umurzoqov ushbu masala bo‘yicha ikki tomon hamkorlikda ish olib borayotgani, ma'lumotlar almashinuvi, xususan sohadagi raqamlashtirish ishlari jadal kechayotganini aytdi. 

Top