13:45 / 14.01.2021
2934

BMT Aholishunoslik jamg‘armasi odam papilloma virusini aniqlash uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga uskunalar va sinov tizimlarini taqdim etdi

Birlashgan millatlar tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi odam papilloma virusini aniqlash uchun O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga uskunalar va sinov tizimlarini taqdim etdi. 

Foto: Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi

BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasidan Kun.uz’ga xabar qilishlaricha, ushbu tadbir O‘zbekistonda bachadon bo‘yi saratoni skriningi bo‘yicha milliy dasturni ishlab chiqish uchun pilot loyihani boshlaydi.

Pilot loyiha Yaponiya hukumati moliyaviy ko‘magi bilan BMT Taraqqiyot Dasturi va Aholishunoslik jamg‘armasining "Orolbo‘yi hududidagi aholining iqtisodiy, ekologik hamda sog‘liqni saqlash masalalaridagi zaifliklarni bartaraf etish orqali turmush barqarorligini mustahkamlash" dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Aholishunoslik jamg‘armasi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda bachadon bo‘yni saratoni skrining sinovi loyihasi doirasida Chirchiq shahrida amalga oshiriladi.

«Dunyo bo‘ylab har yili 300 mingdan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratonidan vafot etadi. Ammo bu dunyo bartaraf eta oladigan yagona saraton kasalligidir», - Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili qariyb 1660 nafar ayol bachadon bo‘yni saratoni kasaliga chalinadi va 800 dan ortiq ayollar kasallikdan vafot etadi. Odam papilloma virusi bilan bog‘liq kasallikning yuki yuqori. 

2017 yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan butun mamlakat bo‘ylab bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha keng qamrovli skrining joriy etishni o‘z ichiga olgan saraton kasalligini nazorat qilish va oldini olish bo‘yicha milliy reja tasdiqlandi. Ushbu reja bachadon bo‘yni saratonini davolash va palliativ yordamni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlardan tashqari odam papilloma virusiga qarshi emlash va bachadon bo‘yni saratoni skriningi kabi birlamchi profilaktika tadbirlarini o‘z ichiga oladi.

Aholishunoslik jamg‘armasining mamlakat vakolatxonasi JSST xalqaro ekspertlari hamkorligida, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi bachadon bo‘yni saratonining oldini olish bo‘yicha milliy ishchi guruhi ko‘magida odam papilloma virusi uchun tekshiruv asosiy skrining usuli sifatida tavsiya etilishi kerakligini aniqladi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etilgan sinov uskunalari bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha butun mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli skriningni tashkil etish bo‘yicha milliy sa'y-harakatlarga hissa qo‘shadi.

Top