08:41 / 14.01.2021
5636

Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining «Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 820-son qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Markazlar tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari huzurida tashkil etiladi, ularga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

zamonaviy oilaning namunali shaklini hamda «Oila - muqaddas», «Sog‘lom oila - sog‘lom jamiyat», «Oila - jamiyat va davlat himoyasida» va «Farovon oila - jamiyat ravnaqining asosi» konseptual g‘oyalarini nikohlanuvchilar ongiga singdirib borish;

nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va budjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha tizimli tayyorlash;

oilalar mustahkamligini ta'minlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish, nikohlanuvchi shaxslarda oilaviy qadriyatlarni hurmat qilish, oilalarda sog‘lom ma'naviy-axloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirish.
 
Markazlarda FHDYo organlariga nikohni qayd etish uchun ariza bergan va o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashish uchun roziligi olingan 30 yoshdan oshmagan nikohlanuvchi shaxslar o‘quv yuklamasi hajmi 16 soatdan kam bo‘lmagan dastur asosida bepul o‘qitiladi.
 
Markazlar faoliyatini moliyalashtirish manbalari – Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar homiylik xayriyalari hamda XMI grantlari.

Top