15:31 / 16.01.2021
3434

AQSh sog‘liqni saqlash vaziri iste'foga chiqishini ma'lum qildi

Sog‘liqni saqlash vaziri Donald Tramp hukumatining alohida yutuqlarini qayd etish bilan birga, prezident tarafdorlarining kongress binosiga hujum qilganligini keskin qoralagan.

Foto: AP

 AQSh sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vaziri Aleks Azar iste'foga chiqish to‘g‘risida ariza berdi. U bu haqda Twitter sahifasida ma'lum qildi.

“Ushbu haftada boshqa siyosatchilar kabi men ham arizamni berdim, u 20 yanvar kuni kuchga kiradi”, - deb yozdi u.

Azarning qo‘shimcha qilishicha, u hokimiyatning Jozef Bayden jamoasiga tinch yo‘l bilan o‘tishini ta'minlashni o‘z burchi deb biladi, shu bois inauguratsiyaga qadar lavozimida qoladi.

 Sog‘liqni saqlash vaziri Donald Tramp hukumatining alohida yutuqlarini qayd etish bilan birga, prezident tarafdorlarining kongress binosiga hujum qilganligini keskin qoralagan.

"Kapitoliyga hujum demokratiyamiz va hokimiyatning tinch yo‘l bilan topshirilishi an'anasiga qarshi hujum bo‘ldi", - deb yozdi Aleks Azar.

6 yanvar kungi Vashingtondagi tartibsizliklardan so‘ng Donald Tramp jamoasi bilan bog‘liq bir necha nafar rasmiy shaxslar iste'fo berdi. AQSh prezidentining Shimoliy Irlandiya bo‘yicha maxsus vakili Mik Malveni ushbu voqealarga norozilik sifatida lavozimini tark etishini ma'lum qildi. Oq uy milliy xavfsizlik kengashining Rossiya va Yevropa bo‘yicha katta direktori Rayan Talli ham lavozimini tark etdi. Bundan tashqari, transport vaziri Eleyn Chao va ta'lim vaziri Betsi Devos ham iste'foga chiqdi.

Top