07:54 / 16.01.2021
14151

Prezident so‘z erkinligi va tashqi siyosat masalalariga to‘xtaldi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida hokimlar, faollar va yoshlar bilan uchrashuvda davlat rahbari O‘zbekistonning tashqi va ichki siyosatiga oid masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

“Ommaviy axborot vositalari ochiqligi bo‘yicha tanlagan yo‘limiz, so‘z erkinligi bo‘yicha siyosatimizdan orqaga qaytmaymiz. Bu albatta ayrimlarga yoqmaydi. Lekin aynan jurnalistlar, blogerlar jamiyatimizda ko‘pchilikni qiynayotgan jiddiy muammolar haqida bizni ogohlantiryapti”, – dedi prezident.

Tadbir davomida Yunusobod tumani faollaridan biri tomonidan ajrimlarni kamaytirish maqsadida turmushning dastlabki yillarida ajrashishni qonun yo‘li bilan taqiqlash, shuningdek, telekanallarda namoyish etilayotgan dasturlardan birida qizlarning o‘zlarini yigitlarga tavsiya qilishi ko‘rsatiladigan dasturni to‘xtatish taklifiga davlat rahbari batafsil javob qaytardi.

“Albatta, sizni to‘g‘ri tushunyapman, farzandlarimiz kelajagini o‘ylab shu takliflarni aytyapsiz. Ammo ajrimlarni qonun yo‘li bilan to‘xtatishga urinsak, inson huquqlari masalasi o‘rtaga chiqadi. Yengil-yelpi teledasturlarga kelsak, ularni to‘xtatib tashlash mumkin, lekin bu senzura deya baholanmaydimi? Uning o‘rniga qanday ko‘rsatuv yaratiladi? Nafaqat nodavlat, balki davlat telekanallarida ham saviyasiz dasturlarga ko‘zim tushadi. Biz ularni butunlay to‘xtatish haqida emas, saviyasini oshirish haqida o‘ylashimiz lozim”, - dedi prezident.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosat masalalariga ham to‘xtaldi.

“Qo‘shnilarimiz bilan albatta yaxshi munosabatda bo‘lishimiz lozim. Qator davlatlar rahbarlari bilan muntazam aloqada bo‘lib turibman. Chunki do‘stlik har taraflama foydali. Biz okeanlar bo‘yida emasmiz, bozor topish, iqtisodni rivojlantirish bo‘yicha eng jiddiy muammolardan biri – yo‘l. Afg‘oniston orqali Pokistonga chiqadigan temiryo‘l loyihasini imzoladik. Bu bizga ulkan imkoniyatlar beradi”, – dedi prezident.

Avvalroq, prezident Jizzax viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosariga chora ko‘rishni talab qilgani xabar berilgandi

Mavzuga oid
Top