09:27 / 16.01.2021
22883

Yo‘l harakati qoidalari buzilishiga doir ma'muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi o‘zgartirildi

Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma'muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.

Vazirlar Mahkamasining «Huquqbuzarliklarning oldini olishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 407-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma'muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
 
36-bandning 2-xatboshisi chiqarib tashlandi. Unda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-1-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda transport vositasini majburiy sug‘urtalash sug‘urta polisining nusxasini taqdim etish lozimligi qayd etilgan edi.
 
Amaldagi Yo‘riqnoma 45-1-band bilan to‘ldirildi, unga muvofiq quyidagi hollarda sodir etilgan ma'muriy huquqbuzarliklar oxirgi zarurat holatida sodir etilgan deb hisoblanadi:

  • tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan Qoidalarga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma'muriy huquqbuzarliklar maxsus foto va video qayd etishning avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda hamda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda;
  • tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signallar bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalariga ularning to‘siqsiz o‘tib ketishi uchun yo‘l bergan transport vositalari haydovchilari tomonidan sodir etilgan ma'muriy huquqbuzarliklar foto va video qayd etishning maxsus avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilganda.

Qoidabuzarlik mazkur bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatda sodir etilganligi fakti tegishli hududdagi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi tomonidan aniqlanadi. Shuningdek mazkur holatda sodir etilgan qoidabuzarlik yuzasidan jarima solish to‘g‘risidagi qarorning nusxasi yoki SMS-xabar yuborilgan taqdirda, transport vositasi haydovchisi ushbu qaror chiqarilgan kundan boshlab 60 kundan kechiktirmay qoidabuzarlik sodir etilgan hududdagi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasini yozma yoki og‘zaki shaklda xabardor etishi lozim.
 
Yo‘riqnomaga boshqa o‘zgartirishlar ham kiritilgan.

Top