08:30 / 17.01.2021
8565

Xitoylik olimlar koronavirus bilan bog‘liq vaziyat rivojlanishining 2 xil ssenariysini modellashtirishdi

Foto: AP

Xitoyning Kasalliklarni nazorat qilish va ularning oldini olish markazi, Xalq-ozodlik armiyasi va boshqa bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari guruhi mart oyi boshiga kelib dunyoda 5 mlndan ko‘proq kishi koronavirus qurboniga aylanishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Shuningdek, olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, vaziyat yomon tus olgudek bo‘lsa, koronavirusga chalinganlar soni 2 oy ichida hozirgi 94 mlndan 170 mlngacha ko‘payishi mumkin. Bunda kasallanish holatlarining asosiy qismi AQShga to‘g‘ri kelishi va ular soni 32 mlnga yetishi prognoz qilinmoqda. 

Olimlar optimistik ssenariy amalga oshishi uchun tibbiy niqob taqish va ijtimoiy masofalashuv kabi xavfsizlik choralariga amal qilinishi va ommaviy emlash bir joyda to‘xtab qolmay, olg‘a surilishi kerakligini aytishmoqda. Biroq bunda ham mart boshiga koronavirusning qurbonlari soni 300 mingga oshishi mumkin.

Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, asosiy muammo koronavirus ham gripp kabi rivojlanib borishidadir. Bu esa virusning inson organizmiga moslashuvi kasallikning mavsumiy ko‘rinishga olib kelishini anglatadi va unga qarshi kurashni ancha qiyinlashtiradi. 

Avvalroq JSSTda pandemiyaning ikkinchi yili insoniyat uchun birinchisiga qaraganda og‘irroq kechishi mumkinligi aytilgandi.

Ayni vaqtda dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 94 mlndan, qurbonlar soni 2 mlndan oshib ketdi.

Top