14:34 / 18.01.2021
9822

2020 yili O‘zbekistonga kelib tushgan rasmiy pul oqimi oshdi

Karantin va pandemiyaning salbiy oqibatlariga qaramay, respublikaga kelib tushgan xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalar hajmi oshgan.

Foto: Morteza Nikoubazl / Zuma / TASS

2020 yilda O‘zbekistonga kelib tushgan xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 6,03 milliard dollarni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 17 million dollarga yoki 0,3 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati ma'lumot bergan.

Ta'kidlanishicha, chet elga yuborilgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari miqdori 1,2 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 157 million dollarga yoki 15 foizga oshdi. Natijada xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalari bo‘yicha ijobiy saldo 4,83 milliard dollarga yetdi.

2020 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi to‘lov balansi ko‘rsatkichlarining shakllanishiga dunyoda COVID-19 pandemiyasining boshlanishi bilan bog‘liq ichki hamda tashqi bozor holatidagi o‘zgarishlar, tashqi savdo aylanmasining pasayishi, global biznes faoliyatining sekinlashishi va moliyaviy xatarlarning ortishi kabi omillar o‘z ta'sirini o‘tkazgan.

Shunga qaramay, joriy qilingan karantin chora-tadbirlari mahalliy xarakter kasb etib, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining umumiy hajmiga salbiy ta'siri bo‘yicha xatarlar ro‘yobga chiqmadi va rezidentlarga o‘tkazmalar 2019 yilning mos davri darajasida saqlanib qoldi.

Ushbu tendensiya ko‘proq nolegal pul o‘tkazma va tashuvlarning ko‘proq bank xizmatlari orqali yuborilgani bilan izohlanadi.

Ma'lumot uchun, pul o‘tkazmalari ayniqsa mart-aprel oylarida sezilarli kamaygan (pandemiya munosabati bilan Rossiyada ishlanmaydigan haftalar e'lon qilingandi), may oyida aprelga nisbatan ikki barobarga oshgan. Shu bilan birga, pul o‘tkazmalari iyun va avgust oylarida o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan oshgani qayd etilgan.

Top