23:03 / 18.01.2021
12357

Komil Allamjonov AQShda Telegram'ga qarshi sudga da'vo kiritilganiga munosabat bildirdi

Bu yerda gap so‘z erkinligi yoki kontent mazmuni haqida ketmayapti; ayrim IT-gigantlar shu yo‘l bilan raqobatchisidan xalos bo‘lishga intilmoqda, deb hisoblaydi Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov.

Foto: Telegram / Komil Allamjonov

AQShning «Xavfsiz internet koalitsiyasi» (Coalition for a Safer Web) notijorat tashkiloti sudga murojaat qilib, Apple kompaniyasiga Telegram messenjerini App Store'dan o‘chirib tashlash majburiyatini yuklashni so‘radi.

The Washington Post xabariga ko‘ra, da'vogarlar Telegram'da millatchilik, neonatsizm va antisemitizm (yahudiylarga adovat) ruhidagi kontent tarqalayotganini, bu esa App Store qoidalariga zid ekanini aytmoqda.

Shu oy boshida Kapitoliyda tartibsizlar kelib chiqqach, Apple va Google kontent moderatsiyasi talabga javob bermagani uchun Parler ijtimoiy tarmog‘ini App Store va Play Market'dan olib tashlagan edi. «Coalition for a Safer Web» ushbu ikki kompaniyadan Telegram'ga nisbatan ham shunday chora ko‘rishni talab qilmoqda.

O‘zbekiston Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov AQShdagi notijorat tashkilotning mazkur talabiga munosabat bildirdi.

«Telegram – terrorizm, ekstremizm, antisemitizm, pornografiya va boshqa tashviqotlarga qarshi faol kurash olib boruvchi, bu kabi kontentni zudlik bilan o‘chirib tashlovchi eng yirik messenjerlardan biri. Uning yordami bilan favqulodda pandemiya paytida millionlab odamlar zarur ma'lumotlarni tez olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar», – deb yozadi Komil Allamjonov.

Uning fikricha, 500 million foydalanuvchiga ega Telegram'ning App Store va Google Play kabi ulkan marketlarda bloklanishi ko‘pchilikni tashkil qiluvchi va bu platformaga ishonch bildirgan namunali foydalanuvchilarga nisbatan nohaqlik bo‘ladi.

«Natijada ular Durovga ta'sir ko‘rsatmaydilar, aksincha ko‘plab tarafdorlarini yo‘qotadilar.

Negativ kontent istalgan messenjer va ijtimoiy tarmoq, jumladan, Facebook va Twitter orqali ham tarqalishi mumkin. Keling, unda ularni ham yopamiz! Ammo masalani bloklash va o‘chirish bilan hal qilib bo‘lmaydi.

Birgina Facebook tarmog‘ining O‘zbekistonda bloklanganini eslaylik. Bu nafaqat o‘ylangan natijaga olib kelmadi, balki vaziyatni yanada chuqurlashtirib yubordi. Chunki odamlar VPNdan foydalana boshlashdi va aynan shu orqali ekstremistik kontentga ham bemalol yo‘l ochildi.

Agar messenjerlar birma-bir tanlash yo‘li bilan bloklansa, qaysidir korporatsiyalar shunchaki raqobatchidan xalos bo‘lishga intilayotgani ayon bo‘ladi. Bu urinishlar postlar mazmuni yoki so‘z erkinligi bilan hech qanday aloqa yo‘q», – deya qayd etgan u.

Agar bu sud ishi davlat tomonidan qo‘zg‘atilganida, dod-voy ko‘tarilar va demokratiya bo‘g‘ilyapti degan shiorlar ilgari surilar edi, deya ta'kidlagan Komil Allamjonov buni «qandaydir xususiy korxonalar» amalga oshirayotganiga e'tibor qaratadi.

«Bundan esa IT-texnologiyalar sohasidagi gigant-kompaniyalar so‘z erkinligi ustidan monopoliyani qo‘lga kiritgani va o‘z qoidalarini kiritish orqali millionlab foydalanuvchilarni ochiqchasiga o‘ziga va o‘z xohishiga bo‘ysundirishga harakat qilayotgani kelib chiqadi», – deb yozadi Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda WhatsApp foydalanuvchilar haqidagi ma'lumotlarni Facebook'ga berishga qaror qilgach, g‘arbda Telegram foydalanuvchilari sezilarli o‘sa boshladi. Buning ortidan WhatsApp yuqoridagi rejasini amalga oshirishni kechiktirishga majbur bo‘ldi.

«Odamlar ortiq texnologik monopollar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lishni, ma'lumotlari tarqalish xavfi bilan yashashni istamaydi», – dedi Telegram asoschisi Pavel Durov WhatsApp'ning harakatlariga javoban.

Top