20:00 / 18.01.2021
34828

Takrorlanuvchi funksiyalar va ortiqcha xarajatlar. Hukumat kengayishining zararlari haqida

Hukumat «semirishi»dan jamiyat va xalq qanday yutqazadi?

«Davlatda a'yonlarning ko‘pligi bir bemor atrofidagi ko‘plab tabiblarni eslatadi: ularning har biri o‘z haqligini isbotlash bilan ovora, bemor esa davo topmay halak».

Tarixchi Publiy Korneliy Tatsit milodiy birinchi asrda shu gaplarni yozib qoldirgan. Bu so‘zlar hozir ham ahamiyatini yo‘qotmagan.

O‘zbekistonda oxirgi vaqtda shunday tendensiya kuzatilmoqda: biror muammo kun tartibiga chiqsa va uni hal qilish zarurati haqida siyosiy doira faol gapira boshlasa, yechim yo‘li ko‘pincha bir xil bo‘ladi: shu muammo bilan shug‘ullanuvchi yangi davlat idorasi tashkil etiladi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi singari.

Tabiiy savol tug‘iladi: yangi idora tashkil etish muammo uchun yechim bo‘la oladimi? Hukumatning bu taxlit «semirib borishi» boshqa muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkinmi?

Gov.uz hukumat portali ma'lumotlariga ko‘ra, hozir O‘zbekiston Respublikasi hukumati (ijro apparati)ni quyidagilar tashkil etadi:

– 24ta vazirlik;

– Vazirlar Mahkamasi tarkibida 10ta davlat qo‘mitasi;

– 11ta agentlik;

– Vazirlar Mahkamasi huzuridagi 5ta qo‘mita;

– VM va vazirliklar huzuridagi 5ta markaz va 4ta inspeksiya;

– 2ta markaziy muassasa;

– 4ta departament.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi tarkibida turli yo‘nalishlardagi kotibiyatlar ham mavjud. Raqamlar kichik emas.

«Davlat apparatining semirishi fuqarolik faolligini siqib chiqarishi mumkin»

Vebster universitetida ad'yunkt-professor, fuqarolik jamiyati bo‘yicha mutaxassis Nozima Davletova hukumatning tarkib jihatdan kengayib borishi bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi:

So‘nggi vaqtlarda davlat idoralarining soni chindan ham ortib boryapti. Ammo ba'zi istisnolarni aytmasa, idoralarning ish sifati haqida ham ayni shuni ayta olmaymiz. Davlat sektorining bugungi kundagi asosiy muammolari sifatida past samaradorlik, salohiyatli kadrlar yetishmovchiligi, idoralararo kommunikatsiyaning qoniqarsizligi, hatto ba'zida idoraning ichida ham o‘zaro aloqa yaxshi emasligini ko‘rsatish mumkin.

Tizimli muammolar yangi idoralar tashkil qilish bilan hal qilinmasligi lozim. Aks holda, ko‘plab samarasiz tuzilmalar paydo bo‘ladi, ular eski uslubda ish yuritishadi va davlat budjetining katta qismini «yeb qo‘yishadi». So‘nggi yillarda davlat idoralarida xodimlar oylik maoshini oshirish, ish soatlarini tartibga keltirish bilan isloh qilishga urinishlar bo‘ldi, ammo fundamental masalalarni hal qilmay turib o‘zgarishga erishib bo‘lmaydi.

Davlat xizmati tizimini chuqur isloh qilish lozim. Har bir xodimning KPI (Key Performance Indicator — samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari)ni aniqlash, xodimlarni saralash mezonlarini ko‘rib chiqish, kadrlar tayyorlashning zamonaviy bazasini yaratish, davlat xizmatiga ishga olishning shaffof tizimini yaratish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, amaldorlar daromadlarini deklaratsiya qilshning normal tizimini yaratish kerak.

So‘nggi o‘n yilda O‘zbekiston korrupsiya xalqaro indeksida 172-o‘rnidan 153-o‘ringa ko‘tarildi, ammo oxirgi to‘rt yilda bu borada sezilarli siljish bo‘lgani yo‘q. Demak, tizimli o‘zgarishlar hali yuz bergan emas. Mamlakatning jahon sahnasidagi imiji ijobiy o‘zgargani esa OAV erkinlashuvi va ochiqlik siyosati tufayli ro‘y bermoqda.

Farmon bo‘la turib, «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi qonun haligacha qabul qilinmadi. «Davlat fuqarolik xizmati» to‘g‘risidagi qonun loyihasi esa 2017 yildan beri u yoki bu shaklda ko‘rib chiqilyapti. Qonunning so‘nggi loyihasiga daromadlari deklaratsiya qilinishi shart bo‘lgan qator davlat xizmatchilari kiritilmagan edi.

Pandemiya davridagi inqirozda qator davlat tuzilmalari budjet mablag‘larini samarasiz sarflashi ma'lum bo‘ldi. OAVda idora rahbarlarining qimmatbaho mashina xarid qilishi, mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi va korrupsiya holatlari haqida xabar berildi.

Davlat apparatining semirib borishi katta budjet xarajatlarini talab qilish bilan birga, fuqarolik faolligini siqib chiqarishi xavfi mavjud. Istalgan davlat idorasi o‘zining kerakligini barcha usullar bilan oqlashga harakat qiladi. Bunga karantin davrida shakllangan keng volontyorlik harakatlari misol bo‘la oladi. Davlat idoralari ularni nazoratga olishga harakat qila boshladi. Natijada volontyorlik ishtiyoqi so‘nib qoldi, mahalla tizimida esa o‘g‘rilik holatlari qayd etildi. Yana bir misol sifatida AOKAni ko‘rsatish mumkin. Tashkil etilganining dastlabki davrida agentlik OAV erkinlashuviga ta'sir ko‘rsatdi, o‘z vazifalarini bajardi, ammo uning bugungi faoliyati haqida bunday deb bo‘lmaydi. Bunaqada biz oxirgi yillarda qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni boy berishimiz mumkin.

Ko‘plab ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun fuqarolik jamiyatiga erkinlik berish kifoya ekanligini tushunib yetish lozim. Davlat idoralarining ishini esa optimizatsiyalashtirish kerak. Yangi narsa o‘ylab topishga hojat yo‘q. Davlat idoralarining samaradorligini oshirish bo‘yicha xalqaro institutlar tomonidan ishlab chiqilgan mexanizmlar mavjud. Ularni to‘g‘ri, turli istisnolarsiz qo‘llashning o‘zi kifoya.

Katta hukumat — katta xarajatlar

Yangi davlat idorasining paydo bo‘lishi bu — fuqarolar to‘layotgan soliqlar uchun yuklamaning ortishi demak. Raqamlar esa budjetda davlat idoralarini saqlash xarajatlari ulushi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Moliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, 2018 yilda davlat boshqaruvi idoralari, adliya va prokuratura organlarini saqlash xarajatlari 2.189,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.

2019 yilda markaziy hukumat organlari hamda sud va prokuratura organlarini saqlash xarajatlari 3.757,3 mlrd so‘m (jami budjetning 3,5 foizi)ga teng bo‘lgan.

2020 yilda fuqarolar uchun e'lon qilingan davlat budjeti loyihasiga ko‘ra, 131.104,5 mlrd so‘mlik davlat xarajatlarining 5.318,6 mlrd so‘mi davlat boshqaruvi, adliya va prokuratura organlarini saqlash uchun ajratilgan.

Katta hukumat — cheklangan hukumat

Jahon tajribasida ham davlat strukturasi «katta hukumat» (big government) va «cheklangan hukumat» (limited government) sifatida klassifikatsiyalanadi.

Ilmiy talqinlarga ko‘ra, cheklangan hukumatning fuqarolar va iqtisodiyot ustidan nazorati ham cheklangan bo‘ladi. Ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy dasturlarni amalga oshirishda hukumat faoliyati bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlari kuchiga tayaniladi. Boshqaruv va qudrat alohida shaxslar qo‘lida jamlanmasligi uchun hokimiyatlar taqsimlanadi va ular bir-birini tiyib turish tamoyili asosida ish ko‘radi.

Katta hukumat esa siyosiy elitani tanqid qilishga yo‘l qo‘yilmasligi (tanqid qilinganda esa buning ta'qib ostiga olinishi), media va iqtisodiyot ustidan nazorat o‘rnatilishi, fuqarolar huquqlarining cheklanishi bilan assotsiatsiyalanadi. Katta hukumatning egiluvchanligi past, inqirozli sharoitlarga moslashuvchanligi qiyin. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishi ehtimoli yuqori va bunday holatlarni yashirish ham oson kechadi.

Hukumat «semirishi»dan jamiyat qanday yutqazadi?

Mas'uliyatning taqsimlanishi mutlaq mas'uliyatsizlikni keltirib chiqaradi. Hukumat ishida ham shunday — bir masala uchun javobgarlarning ko‘payishi o‘sha masalaning yechimsizligiga olib keladi.

Misol sifatida ijtimoiy himoya tizimini olaylik. Aholining yordamga muhtoj qatlamlarini himoya qilish funksiyasi ko‘plab tashkilotlar o‘rtasida taqsimlanib ketgan: Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Mehnat va bandlik munosabatlari vazirligi va hokazo. Ammo tizimda shuncha idora mavjud bo‘lib ham, sohada ijobiy siljish yo‘q. Bu xalqaro tashkilotlar tomonidan ham ta'kidlangan. «Ijtimoiy himoya siyosati bo‘yicha vazifalar ko‘plab davlat idoralari o‘rtasida bo‘lingan, ammo ularning o‘zaro muloqoti yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani bois, masalaga kompleks yondashish, samarali siyosat yuritishning imkoni yo‘q», degan edi YUNISEF vakili Tinatin Baum.

Hukumatning «semirishi» va jamiyat hayotining barcha qismlarida, hatto fuqarolik jamiyati institutlari shakllanishiga davlat aralashuvining ortishiga Yoshlar ittifoqi faoliyati misol bo‘la oladi. Yoshlar ittifoqi — de yure nodavlat-notijorat tashkiloti. De fakto esa u yoshlarning o‘z tashabbuslari, sharoit talabi bilan tabiiy ravishda hosil bo‘lmadi, balki rahbariyat ko‘rsatmasi bilan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining tugatilishi negizida paydo qilindi, uning faoliyati to‘liq davlat tomonidan moliyalashtirildi. Oqibatda tabiiy hosil bo‘lmagan, sun'iy hosil qilingan «nodavlat»-notijorat tashkiloti o‘zini oqlamadi, keyinchalik birato‘la muqobil davlat idorasi — Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi, ittifoq rahbariyati ham agentlikka «ko‘chib o‘tdi».

Masalaning yana bir qiziq jihati, hukumat nainki o‘zi semirib boryapti, balki fuqarolik jamiyati institutlarini ham «yeb qo‘yyapti».

Bunga misol sifatida shu paytgacha «boshqa hech bir davlatda yo‘qligini aytib, faxr qilib kelingan mahalla institutini ko‘rsatish mumkin. Nomi ustida — o‘zini-o‘zi boshqarish organi bo‘lgan mahallalar ham hukumat tizimiga o‘tkazildi — Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.

Vazirlik «mahalla ishiga aralashmasligi, balki uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi va manfaatlarini himoya qilishi» aytilgan. Ammo yordamga muhtoj oilalarga respublika budjetidan ajratilgan moddiy yordam pullarini tarqatishda mahalla tizimida sustkashliklar va qonunbuzarliklar qilingani, vazirlik asosiy figurant bo‘lgan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi xayriya mablag‘larining talon-toroj qilinganligi, tuzilmaning tashkil etilganiga bir yil bo‘lmay turib, uning rahbariyati hayfsan olishga ulgurganini eslasak, xalq hali bu vazirlikdan nainki biror foyda, balki faqat ziyon ko‘rayotgan bo‘lib chiqadi.

Shuningdek, davlatning faol fuqarolik harakatlarini ham o‘z nazoratida ushlab turishga, markazlashtirishga urinildi. Bu qat'iy karantin davrida aholining muhtoj qatlamiga turli shakllarda yordamga chog‘langan volontyorlik harakatlari misolida ko‘rindi. Barcha harakatlar jamlanib, yagona «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati tashkil etildi. Natija: doimiy band telefon tarmoqlari, talon-toroj qilingan pullar. Shaxsiy ambitsiyalar va tashabbuslar asosida kechayotgan tabiiy jarayon sun'iy tarzda markazlashtirildi, byurokratik tus oldi.

Hukumatning kengayishi zararlari xususida so‘z borganda bir jihatni eslab o‘tish o‘rinli. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva o‘z chiqishlarining birida «tizimlardagi muammolar ko‘p hollarda vazirliklar tomonidan qonunlarga zid qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi natijasida kelib chiqadi», deb aytgan edi. Demakki, qonun ijrosi uchun javobgar bo‘lgan hukumatning o‘zi ham qonun belgilagan chiziqlarni bilib yoki bilmay kesib o‘tadi.

Yana bir qiziq ma'lumot. Yaqinda Adliya vazirligi boshqarmasi tomonidan yo‘l xo‘jaligi, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, o‘rmon xo‘jaligi, turizm, tabiatni muhofaza qilish, davlat-xususiy sheriklik, farmatsevtika sohalaridagi vazirlik, idoralar faoliyati tahlil qilingan va bularda 48ta takrorlanuvchi funksiyalar aniqlangani ma'lum qilingan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, davlat tizimli muammolarni hal qilishda asosiy yechim sifatida yangi idora tashkil etishni ko‘rmasligi lozim. Bu nega shu muammoni hali qilmading, deb har zamonda turtkilab turish uchun aybdorni yasab qo‘yishga o‘xshaydi. Hech narsa qilmasa ham mayli, turtkilarga chidab tursa bas.

Korrupsiya va byurokratiyadan xolilik, transparentlik borasida hali maqtana olmaydigan hukumat tarkib borasida songa emas, sifatga ishlasa, yangi idoralarni tashkil etish haqida emas, qachonlardir ham katta umidlar bilan yaratilgan mavjudlarini takomillashtirish haqida o‘ylasa, samara yuqoriroq bo‘ladi.

Zero, berayotgan samarasi va hosil qilayotgan byurokratiyasi taroziga tortilganda ikkinchi palla og‘ir keladigan idoraga ketadigan pulni bir maktabning tomini yopish, shifoxonaga toza ichimlik suvi torttirishga sarflash xalqqa ko‘proq naf keltirishi mumkin.

Saodat Abdurahmonova, Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid
Top