21:11 / 21.01.2021
9433

2020 yilda mashinalar importi va eksporti oshgan

2020 yil import tarkibida mashinalar va transport asbob-uskunalari hajmi 7, 95 milliard AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,9 foizga kamaygan. O‘z navbatida, avtomobil eksport qilish hajmi 30,4 foizga oshgan.

Foto: Za rulem

Davlat statistika qo‘mitasi 2020 yil yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonda mashinalar va transport asbob-uskunalarining tashqi savdo aylanmasi haqida ma'lumotni e'lon qildi.

Ta'kidlanishicha, import tarkibida mashinalar va transport asbob-uskunalari hajmi 7,95 milliard AQSh dollarini tashkil etgan va importning umumiy hajmidagi ulushi 37,6 foizga yetgan.

Mashinalar va asbob-uskunalar import qilingan asosiy hamkor davlat sifatida Xitoy (2,5 milliard AQSh dollari miqdordagi umumiy import tovarlarining 31,6 foizi) qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarni Janubiy Koreya (umumiy importning 16,6 foizi) va Rossiya (umumiy importning 9 foizi) egallagan.

Mashina va transport uskunalari importi hajmining kamayishiga sanoat uchun maxsus bo‘lmagan mashinalar va ularning detallari (17,6 foizga), shuningdek, aniq sohalar uchun maxsus mo‘ljallangan mashinalar (14,9 foizga) importidagi pasayish bevosita ta'sir qilgan.

O‘z navbatida, 2020 yilning yanvar-dekabr oylari uchun avtomobil ehtiyot qismlari importi uchun sarflangan mablag‘ 944,6 million AQSh dollarini tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 foizga va avtomobil import qilish uchun 475,1 million AQSh dollari mablag‘ sarflanib, o‘tgan yilgiga nisbatan 7,9 foizga oshgan.

Bundan tashqari, avtomobil eksport qilish hajmi 30,4 foizga ko‘payib, 208,7 million AQSh dollarini tashkil etgan.

Joriy yilning 13 yanvar kuni prezident ishtirokida o‘tgan mashinasozlik sanoatini transformatsiya qilish va sohada raqobatdoshlikni oshirish masalasidagi yig‘ilishda sohada 276 million AQSh dollarilik 8ta xususiy investorlik loyihasi bo‘yicha takliflar mavjudligi e'lon qilingandi.

Avvalroq hukumat tomonida «O‘zavtosanoat»ni faqat elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilayotganligi ma'lum qilingandi.

Top