17:26 / 22.01.2021
20427

«Kvotaboz» – Davlat qabul komissiyasini tugatish taklif qilindi

Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining ekspertlar ishtirokidagi yig‘ilishida shu haqda so‘z borgan.

Senator Odiljon Iminov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasini tanqid qilib, uning faoliyatini tugatish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Odiljon Iminov
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

«Qanday qilib shuncha yildan beri magistratura qabullari ular (Davlat qabul komissiyasi) orqali belgilanyapti? Bu komissiya ilm bilan shug‘ullanaman deydiganlar uchun magistraturaga yo‘l ochib berish o‘rniga kvotabozlik bilan shug‘ullanyapti.

U yerda korrupsiyadan tortib hamma masala bor. Afsuski, hozirgacha bu masalalarning yechimiga yetib bo‘lmayapti», – degan Odiljon Iminov 22 yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda.

Senatorning aytishicha, u bir necha kun avval Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov bilan ham shu haqda suhbatlashgan.

«Oddiy misol: bu komissiya tibbiyot instituti magistratura bo‘limining allergologiya yo‘nalishiga 2ta o‘rin ajratgan. Bu yo‘nalishga o‘tgan yili 3 nafar nomzod o‘qish uchun hujjat topshirgan. Ammo bu uchala nomzodning yig‘gan balli o‘qishga kirish uchun yetmay qolgan.

Menga bu bo‘yicha xatlar kelyapti. Demak bu bizda allergologiya bo‘yicha mutaxassislar chiqmayapti deganimi? Bu bizdan PHD doktorlari ham chiqmaydi deganimi? Nima bular sabotaj qilyaptimi?

Biz shu holatni ma'lum qilib Davlat qabul komissiyasiga 2 oy avval xat yozdik. Lekin ulardan haligacha javob yo‘q. Yo‘q. Shunchaki javob yo‘q. Senatning xatiga javob yo‘q.

Buni tugatish kerak. Qabulni to‘liq universitetlarning o‘ziga berish kerak. Keyin universitetlar rektorlari ta'lim jarayoni va sifatiga o‘z boshi bilan javob bersin. Dekanlar esa ta'lim tarbiya uchun javob bersin.

Nega bu ishlarni Vazirlar  Mahkamasida o‘tirgan chinovnik hal qilishi kerak? O‘quv dasturlarini ham hamma universitet o‘zi qilsin.

Davlat qabul komissiyasi deganining o‘zi tagi yo‘q organ-ku. Nima keragi bor buning?», – deya yig‘ilganlarga savol bilan murojaat qilgan Odiljon Iminov.

Top