18:53 / 23.01.2021
4863

Milliy gvardiyachilar Vashingtonda mart oyigacha qolishlari mumkin

Bunga Trampga nisbatan impichment masalasini ko‘rib chiqish davrida va Baydenning kongressga ilk murojaati paytida tartibsizliklar kelib chiqishi ehtimoli borasidagi xavotirlar sabab bo‘lgan.

Foto: Mike Segar/Reuters

Amerika ma'muriyati ming nafar milliy gvardiya xizmatchisini Vashingtonda mart oyigacha saqlab turish imkoniyatini muhokama qilmoqda, deb xabar berdi CNN telekanali.

 Telekanal suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, bunga sobiq prezident Donald Trampga nisbatan impichment masalasini ko‘rib chiqish davrida va yangi prezident Jo Baydenning kongressga ilk murojaati paytida tartibsizliklar kelib chiqishi ehtimoli borasidagi xavotirlar sabab bo‘lgan.

Avvalroq Vashington meri Muriel Bouzer "razvedka ma'lumotlari ko‘p sonli milliy gvardiyachilar zarur ekanligi to‘g‘risida xulosa chiqarishga asos bo‘lgan"ligini aytgandi.

CNN o‘z navbatida Baydenning inauguratsiyasi xavfsizligini ta'minlash uchun Vashingtonga jalb etilgan 25 ming nafar milliy gvardiya xizmatchilarining katta qismi marosimdan 5-10 kun o‘tgach uylariga qaytishi to‘g‘risida xabar bergandi.  

 Eslatib o‘tamiz, 6 yanvar kuni Tramp tarafdorlari Vashingtondagi kongress binosiga hujum uyushtirishdi, tartibsizliklar vaqtida besh kishi halok bo‘ldi.

Top