21:44 / 26.01.2021
12723

Samarqandda YPX xodimlari va haydovchi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tortishuv bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlandi

Samarqandda YPX xodimlari hamda haydovchi va uning hamrohi o‘rtasida kelib chiqqan tortishuv bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Tekshiruv yakuni bo‘yicha batafsil ma'lumot beriladi.

Foto: Videodan kadr

Kecha, 25 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda yo‘l-patrul xizmati inspektorlari hamda haydovchi va uning hamrohi o‘rtasida yuzaga kelgan tortishuv aks etgan videolavha tarqaldi.

Videolavha haydovchining yonida o‘tirib kelayotgan hamrohi tomonidan suratga olingan va u «Mana, 30 W 575 LA raqamli shaxsiy mashinasida YPX xodimlari bizni qisib to‘xtatyapti» degan so‘zlar bilan boshlanadi.

Videolavhaning davomida, YPX xodimi kelib haydovchidan hujjat so‘raydi. Haydovchi va uning hamrohi esa mashinadan tushib «Bizni qisib to‘xtatishga haqqingiz yo‘q. Biz muzlama ustiga chiqib ketdik» deydi. Shu tariqa, YPX xodimlari hamda haydovchi va uning hamrohi o‘rtasida tortishuv kelib chiqadi. Tortishuvda haydovchi va uning hamrohi YPX xodimlariga «Bizni yo‘l chetidagi muzlagan joyga qisib to‘xtatdinglar, bu mumkinmi?» deb so‘raydi. YPX xodimlari esa qisib to‘xtatmaganini aytadi va yo‘l chetidagi muzlagan yer ham mashina harakatlanadigan joy ekanligini aytadi. Haydovchi va uning sherigi esa YPX xodimlari ularni qisgan paytda ikkita mashina bir-biriga tekkanini va buning oqibatida xavfli yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lishi mumkinligini aytadi. YPX xodimlari esa ularni qisib to‘xtatmagani va ikkita mashina bir-biriga tegmaganini, ular xalq xizmatida yurganini aytadi.

Videoda oyoq ostidagi muzlamani va ikkita mashina bir-biriga tegib ketganda birining bo‘yog‘i ikkinchisiga surtilib qolgan joyni ko‘rish mumkin.

Videolavhada hodisa qayerda bo‘lib o‘tgani haqida aytilmagan. Bundan bir necha kun oldin bo‘lib o‘tgan yog‘ingarchilik kunlarda viloyatning Samarqand, Toyloq, Urgut, Bulung‘ur, Jomboy kabi tumanlarida qor juda kam yog‘di. Videoda esa yo‘l chetida qalin qor ko‘rinyapti. Viloyatning Navoiy viloyati bilan chegaradosh tumanlarida ana shunday qalin qor yoqqan edi, hodisa o‘sha taraflardagi yo‘llarda sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati mazkur hodisa bo‘yicha munosabat bildirdi. Unda ma'lum qilinishicha, holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tekshiruv yakuni bo‘yicha batafsil ma'lumot e'lon qilinadi.

Mavzuga oid
Top