20:38 / 26.01.2021
6525

Vazir: «Budjetdan orttirilgan pullarni xalq ta'limiga yo‘naltirish bo‘yicha hududlar o‘rtasidagi tafovut juda katta»

2019 yil budjetidan orttirilgan mablag‘larning xalq ta'limi tizimi uchun ajratilishi holati bo‘yicha yuqori o‘rinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi qayd etilgan – 100 mlrd so‘m yoki jami orttirilgan mablag‘larning 21 foizi.

26 yanvar kuni Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisi o‘tkazildi.

Unda «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunning umumiy o‘rta ta'limga oid qismi ijrosi yuzasidan axborot bergan xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov yana bir qator masalalar bo‘yicha Senatdan yordam so‘radi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mahalliy budjetdan orttirilib bajarilgan qismidan xalq ta'limi muassasalariga yo‘naltirish ishlari amalga oshirilmoqda. Lekin bu ko‘rsatkich hamma hududda ham bir xil emas. Ular o‘rtasidagi tafovut juda ham katta.

Masalan, 2019 yil budjetidan orttirilgan mablag‘larning xalq ta'limi tizimi uchun ajratilishi holati bo‘yicha yuqori o‘rinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi turibdi – 100 mlrd so‘m yoki orttirilgan mablag‘larning 21 foizi. Bu borada Andijon viloyati 118 mlrd so‘m (25 foiz), Toshkent shahri 58 mlrd so‘m (12 foiz) ajratgan bo‘lsa, Samarqand viloyati 11 mlrd so‘m (3 foiz), Sirdaryo viloyati 4,4 mlrd so‘m (1 foiz), Buxoro viloyati esa 2,9 mlrd so‘m (0,6 foiz) ajratgan», – dedi xalq ta'limi vaziri.

Uning alohida ta'kidlashicha, hududlarda mahalliy budjetdan orttirilib bajarilgan mablag‘larni maktablarni rivojlantirishga yo‘naltirish kelajak avlodni tarbiyalashda o‘zining katta natijasini beradi.

«Shuningdek, 5 ta tashabbus doirasida maktabdan tashqari ta'lim tizimini ham rivojlantirishga (sport va faollar zallarini jihozlash, musiqa asboblari va badiiy adabiyotlar bilan ta'minlash) yo‘naltirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi», – dedi Sherzod Shermatov.

Top