20:56 / 28.01.2021
5839

“Jazeera Airways” aviakompaniyasi O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni amalga oshirishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Kuvaytning “Jazeera Airways” aviakompaniyasi vitse-prezidenti Ravindran Bxaratxan boshchiligidagi delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Getty Images

“Muzokaralar davomida Kuvaytdan O‘zbekiston shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizga kuvaytlik sayyohlar oqimini oshirish va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi”, deyiladi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Xabarda aytilishicha, Kuvayt tomoniga O‘zbekistonning turistik salohiyati, turizm sohasidagi islohotlar, fuqarolik aviatashuvlari bozorini liberallashtirishga oid chora-tadbirlar, hududiy aeroportlarda “ochiq osmon rejimi”ning joriy qilinishi haqida batafsil ma'lumot berildi.

Kuvayt delegatsiyasi vakillari 2021 yilning mart oyidan “Kuvayt - Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviareys ochilishiga, kelgusida esa O‘zbekistonning boshqa turistik markazlariga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirishdi.

Xabarda aytilishicha, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbariyati mehmonlarni “Jazeera Airways”ning O‘zbekistonga parvozlar geografiyasini kengaytirishga doir tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashga hamda tez orada aviareyslarni yo‘lga qo‘yishga ruxsat olishga ko‘mak berishga ishontirdi.

Ma'lumot uchun: “Jazeera Airways” Kuvaytning eng yirik aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyoning 40 ga yaqin mamlakatiga muntazam reyslarni amalga oshiradi.

 

Top