20:53 / 28.01.2021
10445

Toshkent shahri bosh arxitektori «Skver»dagi avtoturargoh o‘rnida qurilayotgan obekt atrofidagi gap-so‘zlarga izoh berdi

Toshkent shahri bosh arxitektori Nuriddin Soatov 28 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Matbuotchilar ko‘chasida yer osti uch qavatli avtoturargohga ega bo‘lgan, yer usti qavatlari soni 5 qavatdan oshmaydigan savdo majmuasi va ofis binolari qurish uchun dastlabki eskiz loyihalari kelishilganini ma'lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarlarda «Poytaxt» savdo markazi oldida qurilish ishlari kengayib ketayotgani haqida tarqalgan fikrlar yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz.

Toshkent shahar hokimining 2019 yildagi tegishli qarorlariga asosan, Mirobod tumani Matbuotchilar ko‘chasida joylashgan mavjud avtoturargoh o‘rniga 0,23 gektarli yer maydonida yerto‘la qismida avtoturargoh bo‘lgan savdo majmuasi va ofis binolarini qurish uchun yer uchastkasini zaxiralash hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga «IMP NEW PAY» xususiy korxonasiga ruxsat berilgan bo‘lib, mazkur qarorga binoan Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan qurilishning chegara hududlari belgilab berilgan.

Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2019 yil 16 maydagi 1289-sonli Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-sonli qarori bilan loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organi tomonidan «IMP NEW PAY» xususiy korxonasiga Mirobod tumani Matbuotchilar ko‘chasida yer osti uch qavatli avtoturargohga ega bo‘lgan, yer usti qavatlari soni esa umumiy 5 qavatli binoga ega bo‘lgan va har bir qavatlari ochiq turdagi Open Spice uslubida ishlangan ko‘p tarmoqli savdo majmuasi va ofis binolari qurish uchun dastlabki eskiz loyihalari kelishilgan», deya Nuriddin Soatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq Matbuotchilar ko‘chasidagi 0,23 gektar maydon Toshkent shahar hokimining 2019 yil 28 martdagi 467-sonli qarori asosida 25 mln AQSh dollaridan kam bo‘lmagan investitsiya kiritish sharti bilan Chexiyaning «IMP NEW PAY» kompaniyasiga ajratib berilgani ma'lum bo‘lgandi

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev Kun.uz'ga bu yerda 1-2-3-qavatlari savdo do‘konlari, yuqori qavatlari ofislardan iborat 9 qavatli bino qurilishi rejalashtirilganini aytgandi.

2016 yil 19 avgustda Chexiya Respublikasida «IMP NEW PAY» nomi bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan kompaniya ta'sischilari o‘zbekistonlik Isroil Yunusov hamda germaniyalik Pol Braytenbah hisoblanadi. Isroil Yunusov «IMP NEW PAY»ning 95 foiz, Germaniya fuqarosi esa 5 foiz aksiyasiga egalik qiladi. Korxonaning ustav kapitali 1000 chex kronasini (taxminan 39 dollar) tashkil etadi.

Surishtiruvlar davomida Isroil Yunusov O‘zbekiston professional boks federatsiyasi raisi, shuningdek, Toshkent ishbilarmonlik markazida qurilish olib borayotgan Real House brendi ostidagi Lotus Gaz Invest mas'uliyati cheklangan jamiyatning ta'sischilaridan biri bo‘lib chiqqandi.

Eslatib o‘tamiz, poytaxtning qoq markazidagi bozor qiymati taxminan 1 mln dollarga teng bo‘lgan ushbu yer maydoni shaklan xorijiy investor, ammo aslida ortida o‘zbekistonliklar turgan «IMP NEW PAY» xususiy korxonasiga hech qanday tenderlarsiz, nol qiymatda berib yuborilgani jamoatchilik o‘rtasida noroziliklarga sabab bo‘lgan esa-da, shahar hokimining qarori bekor qilingani, mazkur ishda korrupsiya va qonunbuzilish alomatlari borligi huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning e'tiborini tortgani yo‘q.

Top