16:20 / 29.01.2021
3346

AQShda koronavirusni aniqlaydigan biosensor ixtiro qilindi

Tadqiqotchilar guruhi virus yoki antitana yuzasidagi ma'lum molekulalarni tanib, ular bilan bog‘lanadigan, so‘ngra biokimyoviy reaksiya natijasida yorug‘lik taratadigan oqsil konstruksiyasini ishlab chiqdi.

Foto: Karen Ducey/Getty Images

Vashington universiteti olimlari SARS-CoV-2 virusidan iborat oqsillarni hamda unga qarshi antitanalarni aniqlash usulini ixtiro qilishdi.

 Ular virus komponentlari yoki maxsus antitanalar bilan aralashganida yorug‘lik taratadigan oqsillar asosida biosensor ishlab chiqishdi.

 Hozirda koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun PZR usulidan foydalaniladi.

Vashington universiteti tibbiyot maktabi huzuridagi oqsillar dizayni instituti direktori va biokimyo professori Devid Beyker boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi virus yoki antitana yuzasidagi ma'lum molekulalarni tanib, ular bilan bog‘lanadigan, so‘ngra biokimyoviy reaksiya natijasida yorug‘lik taratadigan oqsil konstruksiyasini ishlab chiqdi.

Olimlarning aniqlashlaricha, bu sensorlar qondagi boshqa antitanalarga nisbatan javob reaksiyasi ko‘rsatmaydi.

"Yangi sensorlar burun suyuqligi yoki donor qonidagi virusli oqsillar yoki antitanalarni oson aniqlashini laboratoriya sharoitida ko‘rsatib berdik. Endi ulardan diagnostik maqsadlarda foydalanishni ta'minlamoqchimiz", - dedi Beyker.

Top