08:02 / 29.01.2021
7337

Toshkent viloyatida odam savdosi jinoyatining oldi olindi

Foto:tviibb.uz

Farg‘ona viloyatida yashovchi ikki ayol moddiy manfaat orttirishni maqsad qilib, oson, ammo insoniyat tabiatiga xos bo‘lmagan yo‘lni tanlab jinoyat ko‘chasiga kirgan. Ona 3 yashar bolasini 4 000 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘ldi. Bu uning uchun birinchi holat emas, deb yozadi Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, IIV hamda Toshkent viloyati IIBB Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish xodimlari hamkorligida joriy yilning 24 yanvar kuni o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan M.Q. Qo‘qon shahrida yashovchi tanishi, 1978 yilda tug‘ilgan Z.X. bilan birgalikda Nurafshon shahriga kelib, M.Q.ning 2018 yilda tug‘ilgan o‘g‘li (A.A.)ni shartli xaridorga 4 000 AQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtida ushlangan.

Foto:tviibb.uz

Olib borilgan dastlabki surishtiruv ishlari davomida M.Q. avval ham shu kabi holatni sodir etib, uchinchi farzandi, 2016 yilda tug‘ilgan o‘g‘li (M.Q.)ni moddiy manfaat evaziga berib yuborgani aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan fuqarolar M.Q. va Z.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tadbir so‘ngida 2018 yilda tug‘ilgan A.A.ning salomatligi ko‘rikdan o‘tkazilib, otasiga qaytarilgan. Suhbat davomida bolaning otasi ayoli M.Q. uni aldab bolasini uydan olib chiqib ketganini, bundan xabari bo‘lmaganini va qattiq taassufda ekanligini bildirgan.

Voqea joyidan olingan tezkor tasvirlar, holat yuzasidan gumonlanuvchilar bergan intervyu hamda hodisaga to‘liq izoh tez orada videolavha ko‘rinishida e'lon qilinishi aytilgan.

Top