12:36 / 30.01.2021
26463

Abdumajid Mullajonov Olmazor tumani hokimi etib tayinlandi

Xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashining qarori bilan shu kungacha Toshkent shahar Olmazor tuman hokimi lavozimida faoliyat yuritgan Baxtiyor Rahmonov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. 

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Poytaxt hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, uning o‘rniga Abdumajid Mullajonov ushbu lavozimga tayinlandi. 

Abdumajid Fayzullayevich Mullajonov 1970 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. 1996 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Ko‘p yillar davomida qator rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat yuritgan.

U 2019 yildan shu kunga qadar Toshkent shahar Olmazor tumani bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan.

Avvalroq, Olmazor tumani hokimi Toshkent shahri hokimiga birinchi o‘rinbosar bo‘lishi xabar qilingandi. 

Kun.uz'ning turli tuzilmalardagi bir necha manbalari bergan ma'lumotga ko‘ra, u Toshkent shahri hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tadi.

Ma'lumot uchun, Abdumajid Mullajonov O‘zbekiston Markaziy banki sobiq raisi Fayzulla Mullajonovning o‘g‘lidir. 

Fayzulla Mullajonov Markaziy bankni 1991 yildan buyon boshqarib kelgan. U 2017 yilning 23 may kuni 67 yoshida uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi.

Mavzuga oid
Top