19:28 / 02.02.2021
102245

Jasur Umirov 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Xonanda Jasur Umirov nomusga tegishda aybdor deb topilib, 5 yilga qamaldi. Yana ikki sudlanuvchi 1,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Bugun, 2 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi xonanda Jasur Umirov va uning ikki nafar tanishi ustidan hukm chiqardi.

Oliy sud axborot xizmati xabariga ko‘ra, sud hukmi bilan:

  • Jasur Umirov Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi;
  • A.Z. va Sh.Q. esa Jinoyat kodeksining 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 1-qismi va 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 2-qismi bilan aybli deb topilib, ularga JKning 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ma'lumot uchun, tergov organi Jasur Umirovga JKning 118-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblov e'lon qilgan edi. Bu band nomusiga tegilgan shaxsning 18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan holni nazarda tutadi va og‘irroq sanksiyani (10 yildan 15 yilgacha qamoq) keltirib chiqaradi. Prokuror suddan Umirovni 12 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan, ammo sud ayblanuvchini shu moddaning 1-qismi bilan aybdor deb topgan.

Shuningdek, prokuror A.Z. va Sh.Qlar uchun 3 yil 8 oy muddat berilishini so‘ragan.

Sudlanuvchilar, jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili hukm nusxasini olgan vaqtdan boshlab 20 sutka ichida Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hay'atiga apellyatsiya tartibida shikoyat qilishga va protest keltirishga haqli.

Sud JPKning 19-moddasi 1-qismiga binoan yopiq tarzda bo‘lib o‘tdi.

  • Eslatib o‘tamiz, Kun.uz Samarqandda litseyning birinchi kursini endigina tamomlagan qizning nomusiga tegilgan bo‘lishi mumkinligi haqida sentabr oyida jurnalist surishtiruvi e'lon qilgan edi. Bunga qadar Kattaqo‘rg‘on tuman IIB mazkur holatda jinoyat alomatlari bo‘lmagan deb topib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan.
  • Maqola e'lon qilingach, sentabr oyida Samarqand viloyat prokuraturasi IIBning jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorini bekor qildi va qayta tekshiruv tayinladi.
  • Oktabr oyida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 21 dekabr kuni Jasur Umirov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.
Top