15:45 / 05.02.2021
10508

Farg‘ona viloyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi

350 milliard so‘m sarflanib, viloyatdagi cho‘l joylar, yaylov va adirliklarda 33 ming gektar yer o‘zlashtiriladi. 100dan oshiq ko‘p qavatli uylar barpo etiladi, 503 km yo‘llar ta'mirlanadi. Birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini rivojlantirish uchun 16ta oilaviy shifokorlik punkti va oilaviy poliklinika tashkil etiladi.

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashining sessiyasida aholini ish bilan ta'minlash va turmush sharoitlarini yaxshilash vazifalari belgilandi.

Shahar va tumanlarni mahallabay tizimda rivojlantirish maqsadida viloyatdagi 76ta sektorning har birida iqtisodiy kompleksning malakali xodimlaridan iborat boshqaruv ofislari tashkil etilishi aytildi. Bu mutaxassislar mahallaga biriktirilgan bank xodimlari bilan birga, joylardagi sharoitni o‘rganib, loyihalarni shakllantiradi va amalga oshirishga ko‘maklashadi. Zarur bo‘lsa, ishsiz aholi, yoshlar va ayollar kasb-hunarga o‘rgatiladi.

Farg‘ona viloyatida 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 17 trillion so‘mlik 949 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi ta'kidlandi. Bunda kimyo, to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektrotexnika sanoati «drayver» bo‘ladi.

Xususan, «Farg‘ona azot» aksiyadorlik jamiyatida jami 537 million dollarlik 3ta loyiha, to‘qimachilikda 154 million dollarlik 14ta loyiha amalga oshiriladi.

Viloyatda yer resursi cheklangani sababli cho‘l joylar, yaylov va adirliklarda 33 ming gektar yer o‘zlashtiriladi. Bunga sarflanadigan 350 milliard so‘mlik xarajatlarning 110 milliard so‘mi subsidiya hisobidan qoplab beriladi.

Ijtimoiy sohalarni, infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari belgilandi. Joriy yilda viloyatning 11ta joyida 105ta ko‘p qavatli uylar barpo etilishi ta'kidlandi. 312 milliard so‘m markazlashgan mablag‘lar hisobidan 503 kilometr yo‘llarni ta'mirlash bo‘yicha vazifa qo‘yildi.

Yangi tashkil etilgan Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti salohiyatidan samarali foydalangan holda, maqsadli tibbiy ko‘rik va konsultatsiyalar o‘tkazish, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini rivojlantirish uchun 16ta oilaviy shifokorlik punkti va oilaviy poliklinika tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezident yoshlar va ayollar bandligini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratdi.

Joriy yilda Farg‘ona viloyatidagi 19ta tuman va shaharlarda bittadan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilishi, «Yoshlar: 1+1» loyihasi doirasida 8 mingdan ziyod ishsizlar tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitilishi belgilandi. Xotin-qizlarning o‘z ishini ochishiga ko‘maklashish, muhtojlarning uy sotib olishi uchun boshlang‘ich badal pullarini to‘lab berish, ajralishlarning oldini olish muhimligi ta'kidlandi.

Top