08:45 / 06.02.2021
8578

O‘zbekiston yana bir xalqaro shartnomaga qo‘shilmoqda

Prezident qarori bilan O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi kotibiyatining moliyaviy qoidalari to‘g‘risidagi bitimga qo‘shildi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.

Bitim 2012 yil 23 avgustda Bishkek shahrida imzolangan. Unda kotibiyat faoliyatini moliyalashtirish manbalari, budjetini shakllantirish va ijro etish tartibi belgilangan.

Tashqi ishlar vazirligi bitimni amalga oshirish uchun mas'ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi. Unga O‘zbekistonning mazkur bitimga qo‘shilishi hamda uni amalga oshirish uchun mas'ul bo‘lgan vakolatli organ haqidagi tegishli bildirishnomani depozitariyga yuborish topshirildi. Bitimning o‘zi mazkur bildirishnoma olinganligi tasdiqlangandan keyin kuchga kiradi.

Ma'lumot uchun, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi 2009 yil 3 oktyabrda Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasida imzolangan Naxichevan bitimi bilan tuzilgan xalqaro hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. Tashkilotning asosiy maqsadi qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi ishonch va aloqalarni mustahkamlash, savdo, iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-ma'rifiy sohada hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirishdan iborat.

O‘zbekiston 2019 yil sentyabrda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi.

Top