00:33 / 06.02.2021
13307

Telegram yanvar oyida dunyoda eng ko‘p yuklab olingan ilova bo‘ldi

Sensor Tower kompaniyasining ma'lumot berishicha, messenjer 63 mln marta yuklab olingan va o‘rnatilgan

Foto: Global Look Press

Telegram messenjeri TikTok va WhatsApp’ni ortda qoldirib, yanvar oyida eng ko‘p yuklab olingan ilovaga aylandi.  

Bozorlarni tahlil qilish bilan shug‘ullanuvchi Sensor Tower kompaniyasining ma'lumotiga ko‘ra,  Telegram 63 mln marta ko‘chirib olingan va o‘rnatilgan bo‘lib, bu 2020 yil yanvar oyidagiga nisbatan qariyb to‘rt baravarga ko‘pdir. Eng katta o‘sish Hindiston va Indoneziyaga to‘g‘ri keladi. 

Ikkinchi o‘ringa TikTok joylashdi (62 mln marta yuklab olingan). 

Signal, Facebook va WhatsApp ham yetakchilar beshligidan o‘rin oldi. Telegram Google Play do‘konida raqobatchilarini katta farq bilan ortda qoldirgan bo‘lsa, Apple do‘konida to‘rtinchi o‘rinni egalladi.  

AQShda 6 yanvar kuni sobiq prezident Donald Tramp tarafdorlari kongress binosiga hujum uyushtirganidan so‘ng ko‘plab ijtimoiy tarmoqlar Trampning akkauntlarini blokladi va ekstremistik kontentga qarshi kurashni kuchaytirishini e'lon qildi. Dunyodagi eng ommabop messenjerlardan biri WhatsApp xabar jo‘natish qoidalarini keskinlashtirdi. Buning ortidan boshqa messenjerlar ommalasha boshladi.

Mavzuga oid
Top