13:36 / 07.02.2021
61709

«Asosiy tirikchiligimiz – sholichilik» - Ahmadjon Odilov qurdirgan qishloqda bir kun

Navbahor qishlog‘i – Namangan viloyatining Pop tumanidagi chekka manzillardan. Aholisi asosan dehqonchilik, chorvachilik va baliqchilik bilan shug‘ullanadi.

Bu qishloqning barpo bo‘lishiga Ahmadjon Odilov sababchi bo‘lgan. O‘tgan asrning 70–80-yillarida Pop tumanida amalga oshirilgan ko‘plab bunyodkorlik ishlarini keksa avlod vakillari o‘sha vaqtlarda tumanning agrosanoat kompleksiga rahbarlik qilgan Ahmadjon Odilov nomi bilan bog‘laydi.

Mahallada istiqomat qiluvchi Turg‘unali Mavlonov aholining asosiy qismi Farg‘ona viloyatidan ko‘chib kelganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq qurilishi avvalida Sharof Rashidov shaxsan tamal toshi qo‘yib bergan ekan.

Turg‘unali Mavlonov

Navbahorliklarning katta qismi sholichilik bilan shug‘ullanadi. Bunga sabab – yer osti suvlarining yer ustiga o‘ta yaqin joylashgani.

Qishloq ahli qish kunlari sholidan guruch olib, tirikchilik uchun bozorga olib borib sotishadi. Biz ham sholi tegirmonida guruch ajratish jarayoniga guvoh bo‘ldik.

Bahodir Qurbonov avvallari tirikchilik uchun chetga ishlagani qatnar edi. Karantin bahonasida o‘tgan yili 1 gektar yerga sholi ekkan. Hosili barakali bo‘lib, 6 tonna sholi olgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaxshi mehnat qilgan dehqon 1 gektardan 40–50 milliongacha daromad olishi mumkin. Bir necha oy davomidagi zahmatlari natijasida albatta.

Bahodir Qurbonov

Mahallada yashovchi Rahmonali Uzoqov – sobiq ovchilardan. Uyi qishloqning chekkasida joylashgan. Ovchiligidan esdalik sifatida uzoq yillardan beri o‘rdak boqadi.

Ba'zida yosh ovchilar o‘rdaklardan ijaraga olib turishadi. Ov davomida yovvoyi o‘rdaklarni chaqirish uchun xo‘rak sifatida foydalanishadi. Rahmonali akaning o‘g‘illari esa dehqonchilik bilan shug‘ullanadi.

Rahmonali Uzoqov

Keyingi mehmon bo‘lgan xonadonimiz Nozimjonning hovlisi bo‘ldi. Maktabning 3-sinfida o‘quvchi kichkintoy biz kirgan paytda pechka uchun o‘tin qilayotgan ekan.

Kattalar ish bilan ko‘chada yurgan paytda bolakay ukalari sovuqqotib qolmasligi uchun pechkaga o‘tin yoqadi. Nozimjon pechkani yoqib bo‘lgunicha dadasi yetib keldi. Kozimjon Uralov dehqonchilik bilan shug‘ullanadi: 20 sotix yerga sholi ekib, shu orqali tirikchiligini o‘tkazmoqda. Oilaning bir bosh sigiri bor.

Nozimjon

Kozimjon Uralov (chapda)

Tasvirga olish jarayonida kattagina idish (flyaga)da suv tashiyotgan kishi e'tiborimizni tortdi. U zovurga oqib tushadigan suv quvuridan uyiga velosipedda suv tashir ekan.

Ma'lum bo‘lishicha, Navbahor 2019 yilda «Obod qishloq» dasturiga tushgan. Mahalla raisi bergan hujjatga ko‘ra, mahalla hududiga 279 mln so‘m mablag‘ evaziga ichimlik suvi uchun yangi tarmoq qurish belgilangan. Ishlar yakunlangan bo‘lishiga qaramay, mahallaning ma'lum qismiga ichimlik suvi chiqmagan.

Yangi tarmoq qurilgani sababli «Obod qishloq» dasturiga qadar ishlab kelgan eski tarmoqdan ham suv kelishi pasayib ketgan.

Mahalla raisining aytishicha, yangi tortilgan quvurlar ulangan yeridan suv qo‘yib yubormoqda. Uning ustiga «kolodets»lardagi ulangan joylar ham mukammal emas. Bundan tashqari, tarmoq tortish uchun kavlangan chuqurlarni aholining o‘zi ko‘mib chiqqan.

Mahalla raisi Bahodir Rizaqlov

Navbahor mahallasi bilan tanishar ekanmiz, «Obod qishloq» dasturini amalga oshirish davomida «mendan ketguncha, egasiga yetguncha» qabilida ish qilinganiga guvoh bo‘ldik.

Mahallani obod qilish maqsadida katta miqdorda davlat mablag‘lari yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, ayrim holatlarda bor infratuzilma ham yo‘q qilingani afsuslanarli. Masalaga tegishli mutasaddi tashkilotlar befarq bo‘lmaydi, deya umid qilib qolamiz.

Tasvirga olish ishlarining yakuniy qismini baliq lichinkasi yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorning ko‘lida suratga oldik.

Baliqchilik fermalari yiliga 100 tonnalab baliq hosili olishiga sababchi bo‘layotgan, mehnati ortidan o‘zi va yaqinlari yaxshigina daromad olayotgan Davronbek Eshnazarov baliqchilik biznesi haqida so‘zlab berdi.

Baliqchi o‘z ko‘lida belamur, do‘ngpeshona, sazan kabi baliq turlarini parvarish qiladi. Uning aytishicha, baliq lichinkalari kilosini 12 ming so‘mdan sotadi. Uning urug‘chilik ko‘lida bir yilda 10 tonnagacha baliq lichinkalari yetishtiriladi.

Davronbek Eshnazarov

Shunday qilib, Namangan va Farg‘ona viloyatlari kesishmasida joylashgan Navbahor mahallasida o‘tkazgan bir kunimiz yakunlandi. Kun.uz chekka qishloqlardagi aholi turmushini yoritishda davom etadi.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi –
Boymirza Xalilov.

«Qishloqda bir kun» ruknidagi boshqa videomateriallar bilan ushbu havola orqali tanishing.

Top