10:49 / 07.02.2021
15636

Buxoroda bozor ma’muriyati internet nashri faoliyatiga to‘sqinlik qildi

Foto: Bukhara News

6 fevral kuni internetda Buxorodagi markaziy bozor ma’muriyati vakillari Bukhara News nashri so‘rovnomasini videoga olayotgan xodimlarning ishiga to‘sqinlik qilgani aks etgan video tarqaldi. 

Bozor nazoratchilari nashr xodimlariga so‘rov o‘tkazishni taqiqlab, ulardan mikrofon va telefonni olib qo‘ygan. Nashr tomonidan tarqatilgan videolavhada tasvirlangan shaxs nashr vakillari bilan tortishib, ruxsatnoma talab qilgani, o‘zi esa shaxsini tasdiqlashdan bosh tortgani, ularning qurilmalarini sindirib tashlash bilan tahdid qilganini ko‘rish mumkin.

Bu voqeaga dastlab Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi munosabat bildirdi.

«AOKA o‘z vakolatlari doirasida ushbu holatni o‘rganib chiqdi va tomonlarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Buxoro viloyat hokimligiga murojaat qildi», deyiladi agentlik bayonotida.

Viloyat prokuraturasi matbuot xizmati ham Buxoro Markaziy dehqon bozorida internet nashri vakillariga to‘sqinlik qilingani bilan bog‘liq holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

«Viloyat prokuraturasi tomonidan joriy yilning 6 fevral kuni Bukhara News internet nashri vakillarining qonuniy faoliyatiga Markaziy bozor ma’muriyati tomonidan to‘sqinlik qilinganligi holati o‘rganib chiqildi.

Bukhara News internet nashri 2019 yil 11 oktyabrda ommaviy axborot vositasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, Bukhara News internet nashri xodimlari tomonidan «Buxoro Markaziy dehqon bozori»da «Viloyatda ishga kirish pullikmi?» mavzusida aholi orasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazilayotgan vaqtda bozor nazoratchilari T.R va M.A tomonidan ularga to‘sqinlik qilinib, ularning qo‘llaridagi mikrofon va uyali aloqa telefonlari olib qo‘yilgan.

Shuningdek, Bukhara News internet nashri xodimlari Sh.H va D.A bilan o‘tkazilgan suhbat davomida nazoratchilar T.R va M.A ularni haqorat qilib, bozordan chiqarib yuborganliklarini bildirishdi.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid
Top