20:34 / 10.02.2021
20625

Ekologiya qo‘mitasining bosimga uchragan matbuot kotibi ishdan ketishga majbur bo‘ldi

Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev lavozimini tark etdi. U bir hafta oldin Ochilboy Ramatovga daxldor «g‘alati topshiriq»ni bajarishga ko‘nmagani ortidan bosimga uchrayotganini aytgandi. Holatga qo‘mita rasmiylari, mehnat inspeksiyasi va huquq organlaridan biror-bir munosabat bo‘lmadi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining matbuot xizmati rahbari Bunyod Abdullayev ishdan bo‘shatildi. Bu haqda u o‘zining Facebook'dagi sahifasida yozib qoldirdi.

«Bugun Davlat ekologiya qo‘mitasidan ishdan ketdim. Qo‘llab-quvvatlaganlarga katta rahmat! Batafsil keyinroq...» – deya yozgan u.

Bunyod Abdullayev shu oy boshida Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ishdan bo‘shashga majburlanayotgani haqida aytgan, bunga yuqoridan kelgan og‘zaki topshiriqni bajarmaganini sabab sifatida keltirgandi.

Abdullayev ma'lum qilgandiki, unga o‘zini bosh vazirning 1-o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning maslahatchisi deb tanishtirgan shaxs telefon qilib, «Ramatovning imijini yaxshilash bo‘yicha shtab» tuzilganini aytgan va shu shtabga har juma kuni aytilgan mavzu bo‘yicha ma'lumot berib turishni so‘ragan.

Turli idoralardan yig‘ilgan ma'lumotlar shtab nomidan OAVda keng tarqatilishi aytilgan. Bunyod Abdullayev saylovlar yaqinligini hisobga olib, bu kampaniyada qatnashishni rad etgan va yozma topshiriq bo‘lsagina bajarishi mumkinligini aytgan.

«Hozirda qo‘mita rahbariyati bilan munosabatlarimiz ancha taranglashgan, qo‘mita raisi va kadrlar bo‘limi boshlig‘i ishdan bo‘shash haqida ariza yozib berishni talab qilyapti.

Men esa sababsiz ariza yozmasligimni aytyapman. O‘ylaymanki, shunchaki sababsiz ishdan bo‘shab ketmayman. O‘zbekistonda mehnat qonunchiligi ishlashiga ishonaman», – degandi matbuot kotibi Kun.uz bilan suhbatda.

Bunyod Abdullayev ishdan ketganini Facebook'ida ma'lum qilgach, Kun.uz muxbiri u bilan telefon orqali suhbatlashdi.

«Ha, ishdan ketdim. Hozir Samarqandda, uydaman. Avvalroq meni ishdan ketkazish uchun turli bosimlar bo‘layotgani haqida OAVdagi chiqishimga AOKA yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlardan biror reaksiya bo‘lmadi.

Gap-so‘zlardan keyin ham dushanba kuni ishga bordim. Chunki men rasman ishlayotgan xodim edim. Ammo o‘sha kuni oladigan oyligimda keskin qisqarish bo‘lganini sezdim. Xodimlar olib keladigan qo‘shimcha ustamalar bu gal menga berilmagandi.

Shuningdek, meni ish joyimdagi xodimlar, muhit qabul qilmayotgani yaqqol sezildi. Men bilan kasbdosh va do‘stona aloqada bo‘lganlar ham salomlashmay, gaplashmay qo‘yishdi. Ularni ham tushunaman, ishdan ketishdan qo‘rqishadi. Rosti, juda xafaman», – dedi Bunyod Abdullayev.

Kun.uz Bunyod Abdullayevning ishdan bo‘shashga majbur bo‘lishi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan bog‘landi. Agentlik matbuot xizmati quyidagi munosabatni taqdim etdi.

«Birinchi navbatda, Bunyod Abdullayev attestatsiyalardan yaxshi o‘tgan. Uning faoliyati AOKAni qoniqtiradi. AOKA Abdullayevni yaxshi matbuot kotibi deb hisoblaydi. U tajribali mutaxassis va AOKA talablarini doimiy tarzda yaxshi bajarib kelgan.

Ikkinchidan, AOKA yuzaga kelgan vaziyatni mehnat qonunchiligi bo‘yicha ko‘rib chiqishni so‘rab, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga xat yuborgan.

Uchinchidan, AOKA hech bir tashkilotning kadrlar siyosatiga aralasholmaydi. Bizning funksiyamiz matbuot kotiblari faoliyatini muvofiqlashtirish. Lekin qandaydir kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, bu faqat mehnat qonunchiligi bo‘yicha hal qilinadi. Bizda qaror bo‘yicha boshqa vakolatimiz yo‘q», – deyiladi AOKA munosabatida.

Top