00:46 / 11.02.2021
4736

1,4 mlrd so‘mlik tovarlar hujjatlardan «tushib» qoldi - bojxona xabarlari

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan ma'lumot berdi.

Toshkent shahri bojxonachilari «Toshkent-tovar» va «Chuqursoy texnik-idora» bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi jamiyat nomiga xorijdan keltirilgan yuk konteynerini ko‘zdan kechirdi.

Natijada, konteynerlarda hujjatlarda ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 593 mln so‘mlik 7 turdagi dori vositalari, tibbiyot buyumlari hamda xo‘jalik mollari borligi aniqlandi.

Navbatdagi holatda esa «Chuqursoy» TIF bojxona postida «qizil» yo‘lakka yo‘naltirilgan tovarlar tegishli hujjatlar asosida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 2 turdagi umumiy qiymati 710 mln so‘mlik xo‘jalik tovarlari borligi aniqlandi.

Yana bir holatda esa, «Chuqursoy texnik idora» temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi jamiyat nomiga keltirilgan yuk konteyneri bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, yo‘l yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 61 mln so‘mlik turli tovarlar borligi aniqlandi.

Bu holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

«HOWO» operatsiyasi fosh etildi

Toshkent shahar bojxonachilari hujjatlarda 2020 yilda ishlab chiqarilgan deya ko‘rsatilgan 4 dona yuk tashuvchi transport vositalarini ekspertizadan o‘tkazdi.

Natijada, mazkur transport vositalari 2020 yilda emas, 2018 yilda ishlab chiqarilgani va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida «Tovarlar O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga amalda olib kelinishi paytigacha bojxona organlariga dastlabki bojxona deklaratsiyasini taqdim etish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talablariga zid ravishda, bojxona to‘lovlaridan berilgan imtiyozlar amal qilish muddati tugagani sababli bojxona to‘lovlaridan 3 mlrd so‘mlik imtiyozlardan noto‘g‘ri foydalanilgani fosh etildi.

Ma'lum bo‘lishicha, mazkur transport vositalari 2018 yilda O‘zbekistonga olib kelinib, 2020 yilning noyabr oyiga qadar «bojxona ombori» bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, bojxona nazorati ostida bo‘lgan. So‘ngra transport vositasining egasi tashqi savdo shartnomasi shartlari bajarilgan bo‘lsa-da, mazkur transport vositalarini «gaz» yonilg‘isida harakatlanadigan, 2020 yilda ishlab chiqarilgan boshqa transport vositalariga almashtirishi lozimligi vajini ko‘rsatib, transport vositalarini «reeksport» bojxona rejimiga rasmiylashtirgan holda, respublika hududidan olib chiqib ketgan hamda biroz muddatdan keyin transport vositalarining hujjatlarida ishlab chiqarilgan yilini «2020 yil» deya ko‘rsatib, mamlakatga qayta olib kirib, «Erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasi va boshqa hujjatlarni taqdim etgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur transport vositalarining qiymati 2 mlrd 720 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Dronning parvozi uzoqqa bormadi

Navoiy xalqaro aeroportiga xorijiy aviareys bilan uchib kelgan fuqaro E.O. «yashil» yo‘lak orqali harakatlanar ekan, uning xatti-harakatlari bojxonachilar e'tiborini tortdi.

O‘rnatilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan ushbu shaxsning yuklari orasida 1 dona uchuvchisiz uchish qurilmasi borligi aniqlandi va vaqtincha saqlovga olindi.

Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 26 noyabrdagi 322-sonli qaroriga asosan, uchuvchisiz uchish apparatlarini respublika hududiga olib kirish, realizatsiya qilish va foydalanish Vazirlar Mahkamasining ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top