17:50 / 11.02.2021
15584

O‘zbekiston Sputnik V vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berdi

Rossiya Federatsiyasi tomonidan taqdim etilgan uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari tahlili muhokama qilinib, birlamchi bosqichda sertifikatlashtirish hamda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini boshlash mumkinligi ma'qullandi.

Respublika maxsus komissiyasining 11 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida O‘zbekistonda barqaror epidemiologik vaziyatni saqlab qolish maqsadida koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

«So‘nggi vaqtlarda jahonda koronavirus infeksiyasining yangi shtammi tarqalishi munosabati bilan aholini emlash bo‘yicha chora-tadbirlar sezilarli darajada jadallashdi. Xususan, AQSh, Buyuk Britaniya, Isroil, BAA, Xitoyda aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash ishlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. 

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida mamlakatimizda barqaror epidemiologik vaziyatni saqlab qolish maqsadida koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. 

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyevning O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasining Sputnik V koronavirus vaksinasini o‘rganish yuzasidan ushbu mamlakatga tashrifi natijalari bo‘yicha hisoboti eshitildi.

Unda Sputnik V vaksinasi uchinchi bosqich klinik sinovlari yakuniga yetkazilgani hamda Rossiya Federatsiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilgani, shuningdek, ushbu vaksinani O‘zbekistonda sertifikatlashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha takliflar kelib tushgani ta'kidlandi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Rossiya Federatsiyasi tomonidan taqdim etilgan uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari tahlili muhokama qilingan va birlamchi bosqichda sertifikatlashtirish hamda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini boshlash mumkinligi ma'qullangan.

Shu bilan birga, Innovatsion rivojlanish va Sog‘liqni saqlash vazirligining O‘zbekistonda Xitoyning «Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.,Ltd» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi «ZN2001» vaksinasining O‘zbekistonda 2020 yil dekabr oyidan boshlab 7 mingdan ortiq ko‘ngillilarda o‘tkazilayotgan uchinchi bosqich klinik sinovlari, shu jumladan, hozirgi kunga qadar birorta vaksina qabul qilgan ko‘ngillida uning nojo‘ya ta'siri kuzatilmagani bo‘yicha axboroti tinglangan.

Yig‘ilishda Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni o‘tkazish algoritmi va alohida tartibini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Bunda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshirish, shuningdek, birinchi navbatda koronavirus yuqish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan quyidagi shaxslarni emlash nazarda tutiladi:

  • 65 yoshdan oshgan qariyalar va keksalar;
  • surunkali kasalliklari bor shaxslar; 
  • tibbiyot xodimlari; 
  • maktab va maktabgacha ta'lim tashkilotlari hamda oliy ta'lim muassasalari xodimlari;
  • aholi bilan bevosita muloqotga kirishadigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari.

Yanvar oyida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasini tezkor sertifikatsiyalash masalasi ustida ishlanayotgani va vaksina ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilayotgani haqida ma'lum qilgandi.

10 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor vaqtida O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlashni boshlash zarurligi haqida gapirdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top