19:17 / 11.02.2021
9693

Toshkent shahri va viloyati chegarasidagi yer nizosi: Shahar sudi soxta xatga asosan chiqargan qaror Oliy sudda bekor bo‘ldi

Kun.uz 2020 yil 20 noyabr kuni «Toshkent viloyati va poytaxt o‘rtasida 1,1 gektar yer «talash» bo‘lyapti. Sud soxta hujjatga asosan qaror chiqargan» nomli maqola e'lon qilgan edi.

Maqolada Sergeli tumanidagi «DRIVER’S VILLAGE» avtosaloni yaqinida, Toshkent halqa aylanma yo‘li bo‘yida joylashgan 1,1 gektar yer maydoni tadbirkorlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarayotgani haqida ma'lum qilingandi.

Shuningdek, nizoli hudud 2018 yil holatida poytaxt yoki Toshkent viloyati hududiga kirgani masalasi so‘roq ostida qolayotgani, Toshkent shahar ma'muriy sudi (apellyatsiya sudi) Kadastr agentligi nomidan jo‘natilgan shubhali xatga asosan qaror chiqargani haqida so‘z borgandi.

Ish bo‘yicha nizolashuv Oliy sudgacha yetib keldi.

Oliy sudning ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati ish hujjatlarini o‘rganib, quyi sudlar ish yuzasidan qaror qabul qilishda ishni mazmunan to‘g‘ri hal qilish uchun barcha holatlarni to‘liq aniqlamasdan, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ygan, deb topdi.

Oliy sud qaroriga ko‘ra, arizachi – «FFT» MChJ hamda uchinchi taraf – «MTS» MChJga (firma nomlari shartli ravishda qisqartirilgan) ajratilgan yer uchastkalari bitta hududdan, ya'ni Zangiota tumani hududidan ajratilgani va ushbu yer uchastkalari ustma-ust tushgani holatini aniqlash ish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, ushbu holat sudlar tomonidan yetarlicha aniqlanmay turib, Toshkent shahar hokimining «MTS» MChJga yer ajratish to‘g‘risidagi 2018 yil 30 noyabrdagi 1717-sonli qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Bu shuni anglatadiki, nizoli yer uchastkalari bitta hududdan va ustma-ust ajratilgani aniq dalil va mutaxassislarning tegishli xulosasi bilan tasdiqlangan taqdirdagina Toshkent shahar hokimining qarori qabul qilingan paytda ushbu yer uchastkasi qaysi ma'muriy hududda (Toshkent shahar yoki Toshkent viloyati) joylashgani masalasiga huquqiy baho berish mumkin bo‘ladi.

Avvalgi maqolalarimizda aytilganidek, ushbu tashkilotlarga ajratilgan yer uchastkalari bir hududdan ustma-ust ajratilgandagina ular sudda taraf bo‘la olishi mumkin. Yo‘qsa, sud keyingi masalaga o‘tolmaydi va o‘z-o‘zidan Toshkent shahar hokimining qarorini haqiqiy emas deb topish masalasini hal qilishga ham vakolatli bo‘lmaydi.

Oliy sud Toshkent shahar ma'muriy sudi tomonidan Kadastr agentligi nomidan jo‘natilgan 2020 yil 2 oktyabrdagi 03-05-8349-sonli xatga asosan, nizoli yer uchastkasi Toshkent viloyatining ma'muriy hududida joylashgani to‘g‘risida xulosaga kelinganiga ham to‘xtalib o‘tgan.

Jumladan, ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati Kadastr agentligining yuqoridagi xati sudga yuborilmagani, aksincha agentlikning 2020 yil 6 oktyabrdagi 03-05-8385-sonli xati sudga yuborilgani ma'lum qilinganini inobatga olib, Toshkent shahar ma'muriy sudi Kadastr agentligi nomidan jo‘natilgan shubhali xatga asosan shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilgan, deb topdi.

Ishni ko‘rish yakunida Oliy sud ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atining 2021 yil 2 fevraldagi qaroriga asosan Toshkent shahar ma'muriy sudining 2020 yil 21 oktyabrdagi qarori bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborildi hamda sud ishni yangidan ko‘rishda qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf qilib, barcha holatlarni to‘liq aniqlab, qonuniy qaror qabul qilishi lozimligi ta'kidlandi.

Ushbu nizo bo‘yicha voqealar rivoji bilan Kun.uz'ning quyidagi maqolalari orqali tanishing:

Top